O‘zbekiston | 07:39 / 22.09.2022
5838
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airports’ga yangi yuk terminali va avtoturargoh qurish uchun yer uchastkalari ajratiladi

Foto: Kun.uz

“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti yangi yuk terminali qurilishini tashkil etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Transport vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Uzbekistan Airports’ga dastlabki qiymati 11,5 mln dollar bo‘lgan yangi yuk terminalini qurish va zamonaviy avtomobillar turargohini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarni ajratish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Yangi yuk terminalini qurish va zamonaviy avtomobillar turargohini tashkil etish doirasida: obektlarni qurish bo‘yicha buyurtmachi Uzbekistan Airports hisoblanadi; bosh loyiha va bosh pudratchi tashkiloti Uzbekistan Airports tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
 
Obektlarni fast-track usuli (bir vaqtda loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan “tayyor holda topshirish” shartlari asosida qurishga ruxsat beriladi.

Uzbekistan Airports tanlab olingan loyiha tashkiloti bilan birgalikda loyiha texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqadi, vakolatli ekspertiza organlari bilan kelishadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Toshkent shahar hokimligi umumiy maydoni 19,04 gektar bo‘lgan quyidagi yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi asosida Uzbekistan Airports’ga obektlarni qurish uchun ajratilishini ta’minlaydi:

  • yuk terminali 1 korpusi uchun – Sergeli tumani, Qumariq ko‘chasidagi 5,78 gektar;
  • yuk terminali 2 korpusi uchun – Sergeli tumani, Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasidagi 10,71 gektar;
  • zamonaviy avtomobillar turargohi uchun – Sergeli tumani, Qumariq ko‘chasidagi 2,55 gektar.

Mavzuga oid