“Kolorpak” yuristi kompaniyaning hokimga aloqadorligi haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi
Maktab darsliklarining katta qismini chop etayotgan “Kolorpak” kompaniyasi jurnalistlar uchun press-tur o‘tkazdi. Nashriyot ta’sischilaridan biri Jahongir Ortiqxo‘jayevning jiyani ekani haqidagi gap-so‘zlarga korxona huquqshunosi shunday izoh berdi: “Qonunga ko‘ra, ishlab chiqarish tartibiga va buyurtmalarni olishga MChJ ta’sischisining aralashishga haqqi yo‘q”.

Sentyabr oyida maktab darsliklarining ijara narxi 2-3 barobar qimmatlashgach, jamoatchilik, xususan Kun.uz bu darsliklarning katta qismini bitta xususiy kompaniya chop etayotganiga e’tibor qaratgan edi.
2022 yilda darsliklarni nashr qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda “Kolorpak” MChJ kamida 16 ta lotda g‘olib bo‘lib, salkam 14 mln dona kitobni yetkazib berishni zimmasiga olgan.
Maktablarda darsliklar ijarasi to‘liq budjetga o‘tkazilganidan keyin bu mavzu jamoatchilik muhokamasi kun tartibidan tushgandek bo‘lgandi. Prezident administratsiyasi rahbarining topshirig‘i asosida 1 oy muddatda darsliklar bo‘yicha tizimni tanqidiy ko‘rib chiqish belgilangan edi. Oradan 1 oydan ko‘proq vaqt o‘tdi va hozircha bu borada biror yangilik bo‘lganicha yo‘q.
Kecha, 18 oktyabr kuni ColorPack kompaniyasi o‘zining darsliklar nashr etish faoliyati yuzasidan press-tur tashkil qildi. Tur so‘ngida korxona rahbariyati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Korxona rahbari Muzaffar Mirzahmedovning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar ijarasi narxining oshishiga asosiy sabab – xomashyo, ya’ni qog‘ozning qimmatlashganidir. Bu esa Ukrainadagi urush bilan bog‘liq: urush natijasida logistika zanjirlari uzilgan, buning ustiga Yevropa davlatlarining Rossiyaga kiritgan sanksiyalari vaziyatni og‘irlashtirgan.
“Shuning hisobiga Yevropa Rossiyadan sellyuloza sotib olishi qiyinlashdi, Rossiya esa Yevropadan qog‘ozlar uchun ximikatlar olishda to‘siqlarga uchramoqda. Buning oqibatida esa qog‘ozlar narxlari keskin oshib ketdi. Qog‘ozlarning kilosiga 18 ming so‘mdan boshlab, 35-40 ming so‘mgacha so‘rashadi. 2020 yilning hisobidan aytsak, qog‘oz narxi 60-70 foizga qimmatlashdi”, – deydi u.
Kun.uz “Kolorpak” ta’sischilaridan biri bo‘lmish Ismoil Isroilov Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jiyani bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi. Korxona huquqshunosi Ulug‘bek Yo‘ldoshev bunga quyidagicha munosabat bildirdi.

“Biz poligrafiya sohasidagi biror korxonaning ishini cheklayotganimiz yo‘q. Bozor iqtisodiyoti shakllangan mamlakatda yashab turibmiz. Mahsulotlar qayerda arzon yoki sifatli ishlab chiqariladigan bo‘lsa, o‘shanga ko‘proq talab bo‘ladi.
Ta’sischilardan birining hokimga aloqasi bormi deb so‘rashyapti. “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunga asosan, hech bir korxonada ishlab chiqarish tartibiga yoki buyurtmalarni olishga ta’sischilarning aralashishga hech qanday haqqi yo‘q. Bevosita ta’sischi tomonidan vakil qilib qo‘yilgan rahbar bo‘ladi. Rahbarga vazifalar yuklatiladi: “Senga shunday talab bor, ishlab chiqarish hajmini shunday qilib bersang” deyiladi. Shu sababdan ta’sischilar MChJning faoliyatiga hech qanday aralashmaydi”, – dedi Ulug‘bek Yo‘ldoshev.
Korxona rahbari Muzaffar Mirzahmedovning aytishicha, xorijdan olib kirilayotgan xomashyo mahsulotlarining hammasi uchun bojxona boji va QQS to‘lanadi, bu borada kompaniyaning hech qanday imtiyozlari mavjud emas.
Press-turga oid boshqa tafsilotlar bilan videolavhamiz orqali tanishishingiz mumkin.
Mavzuga oid

15:16 / 12.12.2024
2025 yilda darsliklar ijarasi uchun to‘lov olinmaydi

18:42 / 30.10.2024
Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov tiklanishi mumkin

14:50 / 23.10.2024
Misrda ingliz tilidagi ilk O‘zbek tili grammatikasi darsligi yaratildi

11:54 / 29.09.2024