O‘zbekiston | 19:54 / 15.12.2022
41039
12 daqiqa o‘qiladi

«Polni isitib, oshxonada oilaviy uxlayapmiz» - o‘zbekistonliklar sovuqdan o‘zini qanday saqlayapti?

Yaxshi isimaydigan ko‘pqavatli turarjoylar, gaz va tok ko‘p o‘chadigan joylarni isitish qishda muammoga aylanadi. Bunga ko‘nikkan odamlar xonadonlari sovib ketmasligining turlicha yo‘llarini qilishyapti.

Foto: Kun.uz

Havo harorati dekabr oyida O‘zbekistonning ayrim hududlarida –10...–20 darajagacha tushib ketdi. Bunday sovuqda gaz yo‘q joylarda uyni isitish uchun ko‘mir va tappi yoqiladigan yoki elektr pechlar ishlatishadi. Gaz va elektr bilan ta’minlangan ko‘pqavatli turarjoylarning esa hammasi ham yaxshi isimaydi. Ularning markazlashgan isitish tizimiga ulanganlari, ya’ni so‘nggi 10 yildan avval qurilgan uylardagi quvurlar issiqligi yuqori emas. Qolaversa, eski uylardan sovuq ko‘proq kirishi, eskirgani hisobiga ham uylarni issiq tutish qiyinroq. Isitish tizimi pasayganini yaqinda Kommunal vazirligi ham tan olgandi.

Gaz bosimining pasayib ketishi va elektrdagi uzilishlar tufayli Toshkent, Xorazm va Farg‘onadagi qozonxonalarda gaz bosimi pasaygani, 3ta qozonxona vaqtincha o‘chirilgani va poytaxtning 3ta tumaniga issiqlik yetkazib beruvchi qozonxonalarda ham vaziyat yomonligini aytgandi vazirlik. 

Sovuq uylar

Toshkent shahrining eski ko‘pqavatli turarjoylarida yoki ayrim hovlilarda yashayotgan fuqarolar ham qishda uylari yaxshi isimasligi faqat shu yilga oid holat emasligi, ayniqsa eski uylar ancha yillardan beri yaxshi isimasligini aytishadi.

Chilonzor tumani 6-kvartal 67-ko‘pqavatli uyda yashaydigan biz suhbatlashgan fuqaro shunday dedi:

– «Dom»imiz eski. Shahardagi eski «dom»larning ko‘pida qishda uylar yaxshi isimaydi. Hamma o‘ziga sharoit qilib oladi, albatta. Kimdir uyiga boyler o‘rnatadi. Kimdir pechlar olib uyini isitadi.

Mirzo Ulug‘bek tumani Qorasuv mavzesi Avayxon mahallasidagi ko‘p qavatli uylardan birining istiqomatchisi ham sharoitdan nolidi:

Bu mavzedagi hamma uylar 70-yillarda qurilgan. Batareyalar isiydi, lekin uy ichiga uncha issiqlik bermaydi. Chunki bosim past. Qolaversa, men yashaydigan uyning remonti va romlari ham eski, havo sovigan kunlari sovuq shamol ham kirdi.

Shayxontohur tumani Ko‘kcha mavzesida yashovchi fuqaro shunday dedi:

Hovlida yashaymiz. Shu yil havo birdan sovigani, quvurlar ham yaxshi isimagani sabab uyimga har xil isitish jihozlarini o‘rnatib tashladim. 2-3 xil elektr pech, oshxonaga polni tok bilan qizitadigan pankel olib kelib yopishtirdim. Oshxonada issiq bo‘lgani uchun 2 haftadan beri hammamiz shu yerda uxlashga majbur bo‘lyapmiz.

Chilonzor tumani 8 mavze 60-ko‘pqavat uyda yashovchilar ham qiynalishmoqda:

Bizning uy 60-70-yillarda qurilgan deyishadi. Uyimiz pishgan g‘ishtdan qurilgan, romlarini almashtirganmiz, yangi romlar qo‘yilgan. Lekin baribir balkondan sovuq keladi, o‘zimiz uyni isituvchi pechlar olganmiz, qo‘shimchasiga o‘shani ulaymiz.

Yakkasaroy tumani Boshliq mavzesi 32-ko‘pqavat uy ahli ham shu fikrda:

Xonadonlar keng bo‘lgani uchunmi isitishga oddiy «otopleniye»larning kuchi yetmaydi. Shu sababli qo‘shimcha tok pechkalardan foydalanardik yoki gazni past qilib yoqib qo‘yardik, garchi bu xavfli bo‘lsa-da. Nima qilaylik, uyning ichida ham shapka va choponda yurgandan keyin, noiloj qandaydir yo‘l bilan isitishga harakat qilasiz-da! Onamning oyoqlari ham og‘rib turadi. Shu bilan hanuzgacha davolaymiz, hali to‘liq shifosini topganlaricha yo‘q.

Uylar qanday isitilyapti?

Ko‘pqavat uyda yoki viloyatlarda hovli uyda yashaydiganlar o‘zlari uchun uy isitishning har xil usullaridan foydalanishadi. Uylarni isitish vositalari haqidagi qariyb 1,6 ming kishi ishtirok etgan so‘rovnoma qatnashchilarining 31 foizi uyni isitishda elektr isitkichlardan, 29 foizi o‘tin va tappidan, 24 foizi gaz ulangan pechkadan, 17 foizi avtonom isitish tizimi (2 konturli qozon), 14 foizi ko‘mirdan, 13 foizi konditsionerdan va 12 foizi markazlashgan isitish tizimidan foydalanishini ma’lum qilgan (so‘rovnomada bir necha variant tanlangan). Ko‘rinadiki, aholi orasida elektr isitgichlarga bog‘liq qatlam nisbatan ko‘proq. Chunki ko‘p hollarda gaz bormagan joylarda ham shunday isitgichlar xonani issiq tutishga yordam beradi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Maslahat.uz guruhi a’zolari ham uylarni isitish haqidagi postga qaysi vositalar bilan uyni istayotgani haqida izoh qoldirishgan.

«Romlarning chetini skotchladik, balkonning oynasiga qalin plyonka tortib berkitdik», – deb yozgan Elvira Mahmudova.

«Pechka qo‘yganmiz, o‘tin bilan tezak yoqamiz, derazaga sellofan urilgan», – deydi Furqat Faxriyev.

«Mahalliy yoqilg‘i – tappi yoqamiz, yozda quritilib g‘amlangan», – deb yozgan Baxtiyor Ganjiyev.

«Tokchaning ustiga choyshab yozib qo‘ydik. Muz chiqarmay sovuqni ushlab turibdi»,  – deb yozgan Sabar Ya Nafsi ismli foydalanuvchi.

«Ko‘mirni qumidan shunaqa zuvala qilib yoqamiz. Uy sovib ketdi demaymiz. Yog‘och romlarga qishda sellofan qoqqanmiz, kunlar isisa olib tashlaymiz», – degan Dilshod Isroilov.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«O‘tin bilan bir gurillatib pechkani yoqamiz-da, isiganimizdan keyin mayda talqon ko‘mir bor (arzonroq) o‘shani suvga aralashtirib solib qo‘yamiz. Shu bilan jon saqlayapmiz. Isitgich ishlatgani svet yo‘q, o‘chib yonaverganidan, kuyib qolmasin deb birato‘la o‘chirib qo‘ydik» – degan Oyxon Odiljonova.

«Bitta xonada konditsioner yoqib o‘tiribman», – degan Javlon Masharipov.  

«Ishlaydigan xonamni oddiy bitta sham yoqsangiz ham isiydigan qildim. Sintefonni devorlarga o‘rab chiqdim. Darrov isiydi», – degan Ortiq Ali Rasulov.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bozorda nima gap?

Texnika bozorlariga kirsangiz, isitish moslamalarining turli-tumanlariga ko‘zingiz tushadi. Ularning narxi haqida ma’lumot to‘plash uchun Toshkent shahridagi O‘rikzor bozorining texnika buyumlari sotadigan rastalarga bordik.

Bozorda ko‘p sotilayotgan uskunalardan biri — issiqlik taratadigan ventilyatorlar bo‘lib, narxi 250-280 ming so‘m atrofida.

«Buning yaxshi tomoni ventilyator qulab ketsa, darrov o‘zi o‘chib qoladi. Ishlatsangiz 2-3 yil yoki undan ham ko‘proq vaqt ishlataverasiz», – deydi do‘kondorlardan biri.

Issiq havo purkaydigan kichik asboblarning narxi esa 150-200 ming so‘m atrofida bo‘lib, kichik — 10-11 metr kvadrat hajmdagi xonani isitib tura oladi.

50-70 metr kvadratli maydonlarni isitish uchun esa «pushka» deb ataladigan isitish moslamalarini tavsiya qilishmoqda. Uning eng kichiklari 300 ming so‘mdan boshlanib, kattalari 1–1,5 million so‘mgacha sotilyapti.

Savdogarlarning aytishicha, hozir odamlar ko‘proq «issiq pol»larni so‘rab kelishyapti. Metrlab sotiladigan «issiq pol»larni sifatiga qarab 32-65 ming so‘mgacha topish mumkin. Sotuvchining aytishicha, «issiq pol»ning o‘zidan tashqari, datchigi va kabellari alohida sotiladi. Datchigi 120 ming so‘m bo‘lsa, kabellarini ulab, tayyor holga keltirib berish xizmat haqi 50 ming so‘mga tushadi.

«Bu issiq polning eni 1 metr 2 metrli issiq polni asboblari bilan tayyorlab berish o‘rtacha 300 ming so‘m bo‘ladi. Issiq polni ostidan sintefon tashlanib, keyin pol yoyiladi. Bunday qilinmasa, hamma issiqlik polga ketib, yaxshi isitmaydi», – deydi savdogar.

Bozorchilarning aytishicha, issiq polning afzalliklari ko‘p. Uni tun-u kun yoqib qo‘ysa ham bo‘ladi. U o‘zi o‘chib, o‘zi yonadi.

«Hozir issiq pollarga talab juda yuqori. Odamlar asosan ovqatlanib o‘tiradigan xonasida, ko‘rpacha yoki gilamning ostidan to‘shash uchun olishyapti», – deydi do‘kondor. 

Issiq poldan foydalanuvchilar fikri

Aynan issiq pollar bo‘yicha Facebook’dagi Maslahat.uz guruhida turli mazmundagi izohlar qoldirishgan. Aholi uni ancha vaqtdan beri ishlatishi, zax joylarda yoki oshxonada ishlash uchun issiqlik berib turishini yozgan. Izohlarda issiq pol uchun qancha tok sarflanishi haqidagi ma’lumotlarni ham topish mumkin.

«Biz 5 yildan beri ishlatamiz. Hatto 1 sutkada qancha tok sarf bo‘lishigacha hisoblab chiqqanmiz. 3×5 metrli xonaga 1 sutkada 6 ming so‘m tok ishlatasiz, xolos. Asosiysi, ayollar oshxonada mazza qilib ishlarini bajarishadi», – deyilgan izohlarda.

«Judayam yaxshi, ayniqsa oshxonaga. Men 4 yildan beri ishlataman oshxonada», – degan yana bir foydalanuvchi.

Izohlar orasida issiq polning salbiy tomonlari haqida yozganlar ham bor.

«Bu lenta yong‘in xavfsizligiga umuman javob bermaydi. Svet o‘chsa darrov soviydi. Qisqasi, o‘n yillar oldin qo‘ydirgandim, sal qolgan uyim yonib ketishiga, keyin oldirib tashlab suvli qildirdim. Eng zo‘ri suvli varianti. Uzoq yillar xizmat qiladi, elektr energiyaga ham tejamkor. Svet o‘chsayam kunlab issiq turaveradi», – deyilgan izohlarda.

«Men 3 yildan buyon ishlataman. Sotib olishdan avval o‘zimizning shifokordan sog‘lik uchun zararli ta’sirini so‘raganman, qon bosimi va revmatizmi borlarga mumkin emas, qolgan holatlarga bo‘laveradi degan», – deya izoh qoldirilgan.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun...

Uylarni isitish uchun foydalanilayotgan turli asboblar xavfsizlik qoidalariga amal qilishni talab qiladi. Is gazidan qishning birinchi haftasida 10 kishining vafot etgani ko‘pchilikni sergak tortishga majbur qiladi. Shu sabab Favqulodda vaziyatlar vazirligi Nazorat va profilaktika boshqarmasi boshlig‘i Murod Qo‘chqorov nosoz, qo‘lbola yoki muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan isitish moslamalaridan foydalanmaslik, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasiga amal qilish kerakligi bilan ogohlantirdi.

«Elektr isitish moslamalarining tizimida nazarda tutilgan yong‘in kelib chiqish ehtimolini istisno qiluvchi termoregulyatorlari mavjud bo‘lmaganda yoki ishlamay qolganda, elektr uzatish tarmoqlari va elektr jihozlarini ortiqcha yuklanishdan va qisqa tutashuvlardan himoya qilish uchun avtomatik saqlagichlar va kalibrlangan eruvchan himoya o‘rnatmasi o‘rniga qo‘lbola tayyorlangan (sim o‘ramalari, «qo‘lbola saqlagich» va boshqalar) vositalardan foydalanmaslik kerak», – deya ogohlantirdi FVV vakili.

Shuningdek mutaxassis, elektr isitish moslamalarining himoya qobig‘i shikastlangan yoki himoyalash xususiyatini yo‘qotgan elektr kabellaridan, yonmaydigan materialdan ishlangan tagliklarisiz (podstavka) dazmol, elektr plitka, elektr choynak va boshqa elektr isitish anjomlaridan foydalanmaslikni tavsiya qildi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid