Jahon | 15:00 / 14.01.2023
3389
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada Bolsonaruning tartibsizliklardagi o‘rni tekshirilyapti

Braziliya Bosh prokuraturasi sobiq prezident Bolsonaru mamlakat poytaxtidagi tartibsizliklarning tashkilotchisi bo‘lganmi yoki yo‘qmi, ushbu masalani tekshirmoqchi. Ijtimoiy tarmoqlarda radikal videoning e’lon qilinishi unga qarshi guvohlik beradi.

Jair Bolsonaru / Foto: AFP

13 yanvar, juma kuni Braziliya Oliy federal sudi sobiq prezident Jair Bolsonaruni mamlakat poytaxtidagi tartibsizliklar bo‘yicha tergovda ayblanuvchilar ro‘yxatiga kiritdi. Bu Bolsonaru davlat institutlarini egallab olishning mafkurachisi va qo‘zg‘atuvchisi bo‘lishi mumkinligidan shubhalanayotgan Bosh prokuraturaning tegishli so‘rovidan keyin amalga oshirildi.

9 yanvar, dushanba kuni Bolsonaru yakshanba kuni Milliy kongress, Oliy sud va Braziliya markazidagi Uch kuchlar maydonidagi prezident saroyi binolarida tartibsizliklar uyushtirgan tarafdorlaridan uzoqlashganiga qaramay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakati huquq-tartibot idoralari xodimlarida savollar uyg‘otdi. Dushanba kuni u yutqazgan prezidentlik saylovlari natijalarining qonuniyligiga shubha qilgani va shu tariqa qonunbuzilishiga chaqirishi mumkin bo‘lgan videoni joylashtirdi. Ertasi kuni Bolsonaru postni o‘chirib tashladi.

30 oktyabr kuni Braziliyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, unda Luis Inasiu Lula da Silva 49,1 foiz ovozga qarshi 50,9 foiz natija bilan g‘alaba qozondi. 8 yanvar kuni Bolsonaruning 5000 ga yaqin tarafdorlari poytaxtdagi hukumat binolariga bostirib kirib, ularda barrikadalar o‘rnatdi hamda politsiyachilarga tosh va tayoqlar bilan hujum qildi.

Braziliada favqulodda holat e’lon qilindi, xavfsizlik kuchlari tartibsizliklarni suv purkagichlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va granatalar bilan bostirdi.

Bolsonaruning o‘zi tartibsizliklar paytida Floridada bo‘lgan. Dushanba kuni u qattiq qorin og‘rig‘i tufayli kasalxonaga yotqizilgan.

Mavzuga oid