Rossiya kolonnasi yakson etilgani aks etgan kadrlar - Vuhledar ostonasida o‘zi nima bo‘lgan?
Rossiya harbiy kolonnasi Vuhledar ostonasida tor-mor bo‘lishi va o‘ttizdan ortiq zirhli texnikalar yakson etilishi Rossiyaning Ukrainadagi navbatdagi yirik yurishi boshlanganidan buyon eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu bo‘lmoqda. Bu jang videoyozuvlari ijtimoiy tarmoqlarga tarqalganidan bir necha kun o‘tib ham Vuhledar atrofida ro‘y bergan voqea bo‘yicha qator savollar ochiq qolmoqda. BBC rus xizmati shu savollarga javob topishga harakat qildi.

Maxar Technology / Reuters / Scanpix / LETA
Kolonna yakson etilgani aks etgan kadrlar Rossiya tarafidagi blogerlar va harbiy ekspertlarning tanqidlariga sabab bo‘ldi. Ularning ayrimlari buni Rossiya armiyasining Ukrainadagi urush boshidan buyon eng yirik mag‘lubiyatlaridan biri deb atagan va 2022 yil may oyida Shimoliy Don daryosi kechuvidan o‘tish vaqtidagi jang bilan taqqoslagan. O‘shanda Rossiya qo‘shini daryoni kechib o‘tishga bir necha bor urinish chog‘ida shaxsiy tarkib va texnikada katta yo‘qotishlarga uchragandi.
Shu bilan birga, videoda aks etgan texnikalarning barchasi bir kunning o‘zida yo‘q qilinganini tasdiqlovchi ishonchli ma’lumot yo‘q: kadrlarda nafaqat tanklar va jangovar piyodalar mashinalari zarbaga uchrayotgani, balki shunchaki turgan mashinalar ham aks etgan, nazariy jihatdan ular bungacha ham jang maydonida turgan bo‘lishi mumkin. 31 ta texnika yo‘q qilingani haqidagi ma’lumot ham rolikni tahlil qilish orqali olingan, ammo bu kadrlar bir kunda olingani va bir necha tasvirlar montaj qilinmaganiga yuz foizlik kafolat yo‘q.
Shunga qaramay, rossiyalik harbiy blogerlar bu voqealar chindan ham bir kunda ro‘y berganini ta’kidlab, buni aynan «jang» deb atashgan.
Ukrainlar droni obektiviga tushib qolgan jang Vuhledar uchun katta yurishning bir epizodi bo‘lgan. Bu shahar Donetsk oblasti janubida joylashgan. Rossiya qo‘shini qo‘shni mamlakatga bostirib kirilgan ilk kunlardan beri uni egallash uchun muvaffaqiyatsiz urinib kelmoqda.
Frontdagi hozirgi keskinlashuv davomida, buni ko‘pchilik Rossiyaning katta yurishi boshlanishi deb hisoblamoqda, Vuhledar hududi shiddatli janglar o‘choqlaridan biriga aylandi. Rossiya armiyasi Avdiyivka, Baxmut, Kreminna va Kupyansk hududlarida ham oldinga siljishga harakat qilmoqda.
Jang qachon va qayerda bo‘lgan?
Yanvar oyi oxirida Vuhledarni yana katta kuch bilan shturm qilish boshlangan. Ukraina dronlari kamerasi obektiviga tushib qolgan muvaffaqiyatsiz hujumdagi Rossiya armiyasining yo‘qotishlari ushbu jangdagi umumiy yo‘qotishlarning faqat bir qismidir.
Rossiyaparast telegram-kanallarning svodkalariga ko‘ra, bu shturmda 40-alohida dengiz piyodalari brigadasi, 155-dengiz piyodalari brigadasi (ikkisi ham Tinch okeani flotiga mansub), «DXR»ning «Kaskad» qurolli tuzilmasi va Baykalortidan 29-armiyaning 36-motoo‘qchilar brigadasi ishtirok etgan. Bundan tashqari, Conflict Intelligence Team loyihasi surishtiruviga ko‘ra, shturmga Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) maxsus kuchlarining 14-brigadasi jalb etilgan.
Avvaliga Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Pavlivka qishlog‘i va Mariyinka shahrini bog‘lovchi avtomobil yo‘liga ancha tez yetib kelishgan – bu yo‘l janubi-g‘arbdan shimoli-sharqqa tomon o‘tib, Vuhledarning asosiy qismini hovlilar va kottejlardan iborat chekka qismidan ajratib turadi.
Rossiya qo‘shini shaharning o‘ziga kira olmagan – Ukraina qurolli kuchlari qattiq qarshilik ko‘rsatgan, keyin esa zaxira kuchlar tashlangan.

Shundan keyin, aftidan, Rossiya qo‘mondonligi shaharni sharqdan aylanib o‘tib, manyovr amalga oshirishga qaror qilgan.
Kolonna Rossiya harbiylari nazoratidagi Nikolskoye qishlog‘idan chiqib, keng dalalar o‘rtasidagi yo‘l bo‘ylab harakatlangan. Yo‘l atrofi daraxtzor bo‘lib, bu harakatni ma’lum darajada yashiradi, ammo aftidan ukrain harbiylari dronlar orqali Rossiya kolonnalari harakatini aniq ko‘rib turgan va ularga qarata o‘t ochgan.
Bu jang aynan qaysi kuni bo‘lib o‘tganini aniq aytish qiyin. Zirhli texnikalar yakson etilgani, ishdan chiqarilgani yoki tashlab ketilgani aks etgan videokadrlar ukrain manbalarida 9 fevral kuni kunduzi e’lon qilindi.
Ammo Vuhledar ostonasida Rossiya kolonnasi o‘qqa tutilib, 30 dan ortiq zirhli texnikalar yo‘q qilingani yoki jiddiy shikastlangani haqida xabar dastlab 6 fevral kuni paydo bo‘lgandi.
Ukrainalik bloger Tatarigami_UA Rossiya armiyasi bunday yo‘qotishlarga bir shturm vaqtida emas, «hujumlar seriyasi» davomida uchragani haqida yozdi.
Dronlar orqali olingan videokadrlarda kolonnadagi tank va zirhli mashinalar bir-biriga juda yaqin joylashganini ko‘rish mumkin. Ayrim mashinalar minaga tushib portlaganida, boshqalari ularni aylanib o‘tadi va ular ham minaga tushib qoladi. Oxirida esa bir joyda to‘planib qolgan zirhli texnikalarga artilleriyadan o‘t yog‘diriladi.
Rossiya mudofaa vazirligi Vuhledar atrofida kolonnasi yakson etilgani to‘g‘risida ma’lumot bermagan.
13 fevral kuni Rossiya harbiy idorasi Prechistovka va Vuhledar aholi yashash manzillari hududlaridagi ukrain harbiylariga zarbalar berilgani haqida xabar qildi: «Janubiy-Donetsk yo‘nalishida «Vostok» guruhi artilleriyasi Prechistovkva va Vuhledar aholi yashash punktlarida Ukraina qurolli kuchlarining jonli kuch va harbiy texnikalariga o‘t ochdi».

Rossiyalik harbiylardan biri 500 nafar safdoshi o‘limi haqida xabar bergan
12 fevral kuni Ukraina qurolli kuchlari Tavr yo‘nalishi mudofaa kuchlari vakili Oleksiy Dmitrashkovskiy Politico nashriga bergan intervyusida Vuhledar shturmida Rossiya armiyasi 155-dengiz piyodalari brigadasining saralangan tarkibini to‘lig‘icha yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
«155-brigadani uch marta to‘ldirishga to‘g‘ri keladi. Birinchi safar Irpen va Buchadan keyin; ikkinchi safar ular Donetsk yaqinida tor-mor etilgandi – ular yana tiklandi. Endi esa brigada qariyb to‘lig‘icha Vuhledar atrofida yo‘q qilindi», degan Dmitrashkovskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vuhledar atrofida har kuni 150–300 nafar dengiz piyodasi halok bo‘lgan. Brigada tarkibi jami besh mingga yaqin kishidan iborat bo‘lgan.
155-brigada dengiz piyodalaridan biri «7×7» nashriga brigada harbiylari Vuhledarni shturm qilishni 23 yanvar kuni boshlagani haqida aytgan. Brigada tarkibining 80–90 foizi safarbar qilinganlardan iborat bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, katta yo‘qotishlar tufayli «doim yangilar olib kelingan».
Uning tasdiqlashicha, navbatdagi shturmdan keyin desant-shturm brigadasining uchinchi rotasidan faqat sakkiz kishi omon qolgan. Ko‘plab harbiy xizmatchilar asir tushgan.
«Kim omon qolsa, dezertirlik qilishganini aytishadi. Asirga tushib, qaytmasam ham mayli edi. Munosabat [katta ehtimol bilan, gap Rossiya qo‘mondonligining brigadaning omon qolgan jangchilariga munosabati haqida ketmoqda] maksimal darajada yomon. Allaqachon 500 kishi halok bo‘lgan, balki ko‘proqdir. Brigada komandiri biz uyga faqat 200-chi [halok bo‘lganlar] yoki 300-chi [yarador] sifatida qaytishimiz mumkinligini aytgan», deya uning so‘zlarini keltirgan «7×7».
«7×7» nashriga ko‘ra, 3 fevraldan buyon asir tushganlarning 13 nafari 155-brigada dengiz piyodalari bo‘lishgan.
Qanday yo‘qotishlar bor?
Blogerlar va OSINT guruhi faollari videoyozuvlar asosida Vuhledar atrofidagi jang maydonida qolgan 31 dona zirhli texnikani sanashgan. Shundan 10 dan ortig‘i tanklar hisoblanadi.

Mashinalar holatiga bu kadrlarga qarab baho berish qiyin. Ularning bir qismi butkul yakson etilgan, ammo katta ehtimol bilan ayrim tank va zirhli mashinalar jiddiy shikastlanmagan va ularni ta’mirlab, tuzatish mumkin. Shuningdek, ayrim mashinalar ekipaj tomonidan shunchaki tashlab ketilgani ham istisno etilmaydi.
Bu jangovar mashinalar – Vuhledar uchun jangda berilgan yo‘qotishlarning faqat bir qismi bo‘lishi ham mumkin. Yakshanba kuni yangilik saytlari ochiq ma’lumotlar asosida frontning ikki tomonidagi kuchlarning yo‘qotishlarini hisoblab boruvchi Oryx guruhining razvedka bo‘yicha mutaxassislariga tayanib, 8-10 fevral kunlari Rossiya Vuhledar va Avdiyivka atrofida go‘yoki 103 dona zirhli texnikasidan, jumladan 36 tankdan ayrilgani haqida yozdi. Rossiya mudofaa vazirligi bu ma’lumotlarga munosabat bermadi. Shu ma’lumotlarga ko‘ra, bu hududlardagi janglarda Ukraina armiyasining yo‘qotishlari 20 dona texnika (shundan ikkitasi tank)ni tashkil etgan.
Vuhledar ostonasidagi bu jangda qurbon bo‘lganlar soni haqida ham ma’lumot yo‘q. Britaniya mudofaa vazirligi yakshanba kuni o‘z harbiy razvedkasi ma’lumotlarga asoslanib, Rossiya «so‘nggi ikki haftada katta ehtimol bilan bosqinning ilk haftasidan buyon eng ko‘p yo‘qotishlarga uchragani» haqida ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Britaniya harbiy idorasi bunda Ukraina mudofaa vazirligi ma’lumotlariga tayangan va ularni tekshira olmasligini qayd etgan. Shunga qaramay, britaniyalik harbiy tahlilchilar Ukraina tomoni bayonotlarini aks ettiruvchi tendensiyani «katta ehtimol bilan aniq» deb hisoblaydi.
Britaniya razvedkasi Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lum qilmagan. Ukraina (xuddi Rossiya kabi) an’anaga ko‘ra bunday ma’lumotlarni ochiqlamaydi, ammo Britaniya razvedkasida ta’kidlashlaricha, Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari ham katta bo‘lmoqda.
BBC rus xizmati «Mediazona» hamda ko‘ngillilar bilan hamkorlikda Ukrainaga bosqin davomida halok bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilar ro‘yxatini yuritib kelmoqda. Unga ko‘ra, yil boshida tasdiqlangan o‘lim holatlari soni o‘sa boshlagan.
«2022 yil davomida Rossiyadagi manbalar har hafta o‘rtacha 250-300 qurbon haqida xabar berishardi. Hozirda esa biz bu haftada kamida 600 familiyani aniqladik, yanvar oyi oxiridan esa bu miqdor haftasiga o‘rtacha 700 kishiga teng bo‘lgan. Va bu faqat biz ochiq manbalar orqali tekshirgan va tasdiqlagan ma’lumotlar, ya’ni yo‘qotishlar bo‘yicha haqiqiy raqamlar ancha katta bo‘ladi. Agar nekrologlar va frontdan kelayotgan xabarlar solishtirilsa, bu harbiylarning aksari yurish harakatlari davomida halok bo‘lgani anglashiladi», deb hisoblaydi BBC rus xizmati muxbiri Olga Ivshina.
Yurish qanday amalga oshiriladi?
Bir vaqtda berilgan yuqori yo‘qotishlar rossiyalik harbiy blogerlarning keskin tanqidiga uchradi, ular harbiy qo‘mondonlikni shturmni yomon tashkillashtirish va tayyorlashda ayblashdi.
Bildirilgan sharhlarga ko‘ra, Rossiya tank kolonnasi ochiq maydondan qochib, daraxtzor bilan o‘ralgan yo‘ldan harakatlangan.
Bunday tarzda hujumga o‘tishning ikki sababi bor - ochiqlikda zirhli texnika yaxshi ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, bunday uchastkalar minalashtirilgan bo‘ladi. Natijada esa tanklar baribir minalarga tushib portlab ketdi va siyrak daraxtlar orasida ko‘zga tashlanib turdi.
Tank kolonnasi yurish qilish vaqtida minali maydonga tushib qolmasligi va raqibga yaqqol ko‘rinib turmasligi uchun muhandislik razvedkasi o‘tkazilishi kerak edi.
Ammo ukrain dronlari tomonidan olingan kadrlarda ko‘rish mumkinki, tanklar minalangan maydonda raqib ko‘z o‘ngida turgan. Bu dronlar katta ehtimol bilan razvedka bilan shug‘ullangan va ukrain artilleriyasi uchun nishonlarni belgilab bergan.
Kolonna tor-mor etilgani aks etgan videoyozuvlardan bilish mumkinki, dronlar kolonna ustida erkin parvoz qilishi mumkin bo‘lgan. Dronlar yurish qilayotgan qismlar ustida harakatlanmasligini ta’minlash uchun radioelektron kurash va havo hujumidan mudofaa tizimlari mavjud. Birinchisi dronlardan foydalanishga xalaqit beradi, ikkinchisi ularni urib tushiradi.
Rossiya mudofaa vazirligi 13 fevral kuni «Tor-M2U» zenit raketa majmuasi «maxsus amaliyot hududi»da dron urib tushirayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Ammo Vuhledar atrofidagi kolonna ustidan uchgan dronlar urib tushirilmagan yoki ularning barchasi urib tushirilmagan. Bu dronlar olgan kadrlarda rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa tizimlari ko‘rinmaydi.

«DXRning sobiq mudofaa vaziri», 2014 yilda Malayziya «Boing» samolyoti urib tushirilishi bo‘yicha ishda ayblanib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Igor Strelkov (Girkin) o‘z telegram-kanalida «texnikaning bir qismi Vuhledardagi ko‘p qavatli uylardan uchirilgan PTUR (tankka qarshi boshqariluvchi raketa) bilan yo‘q qilingani, qolgan qismi - raqibning juda aniq zarbalar yo‘llagan artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilgani» haqida yozdi.
Kolonna tomon artilleriyadan o‘t ochilganini jang maydonida hosil bo‘lgan o‘ralar ham tasdiqlaydi.
Harbiy ilmga ko‘ra, bunday vaziyatlarda yurish qiluvchi qo‘shinlarni artilleriya bilan qo‘llab-quvvatlash lozimligi ko‘rsatilgan. «Bu artilleriyaning o‘z qo‘shini yurishi boshlanishida va davomida ularning to‘xtovsiz oldinga harakatlanishi uchun sharoit yaratish maqsadida dushmanning front chizig‘i va qanotlardagi pozitsiyalariga uzluksiz, ketma-ket o‘t ochishi bilan bog‘liq harakatdir», deyilgan Rossiya mudofaa vazirligi saytidagi ma’lumotnoma materiallarida.
Artilleriya qo‘llovi muvaffaqiyatli chiqishi uchun yurish boshlanishidan oldin artilleriya razvedkasi ham o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
Girkinning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarning artilleriya zarbalari faqat «xato borgan».
Uning bu so‘zlari, shuningdek, Ukraina artilleriyasi raqib shunchalik katta yo‘qotishga uchrashiga erishganidan kelib chiqilsa, Rossiya tomoni yoki artilleriya razvedkasini yetarlicha yaxshi o‘tkazmagan yoki bunday amaliyot umuman bo‘lmagan.
Vuhledardagi voqeani Shimoliy Don kechuvidagi mag‘lubiyat bilan tenglashtirish mumkinmi?
2022 yil mayida Rossiya qo‘shini Bilogorivka posyolkasi yaqinida Shimoliy Donni kechib o‘tishga bir necha bor uringan edi. O‘shanda Ukraina artilleriyasi kechib o‘tish harakatidagi qismlarga o‘q yog‘dirgan, bu esa RF armiyasi harbiylari orasida katta yo‘qotishlarga olib kelgandi.
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti Rossiya armiyasi o‘shanda shaxsiy tarkibdan 400 dan ortiq kishini yo‘qotgani, shuningdek 80 dan ortiq harbiy texnika boy berilganini ma’lum qilgandi. Forbes esa 70 dona turli texnikalar zarbaga uchragani haqida yozgan.
Bir tomondan, Vuhledardagi Rossiya kolonnasi mag‘lubiyati haqidagi xabarlar chindan ham qaysidir jihatdan o‘sha voqeani eslatadi. Ikki holatda ham, mavjud xabarlarga ko‘ra, Ukraina razvedkasi Rossiya kuchlari harakatini ilk bosqichdayoq fosh etgan. Yurish boshlanganida esa, hujum qilinayotgan qismga zarbalar yo‘llangan. Shu bilan birga, rossiyalik harbiylarning aksilbatareya kurashi hech qanday muvaffaqiyat keltirmagan.
Boshqa tomondan suv to‘siqlarini kechib o‘tish eng murakkab manyovrlardan biri sanaladi. Bu amaliyot muhandislik bo‘linmalari, artilleriya vositalari (va iloji bo‘lsa aviatsiya ham), qo‘llab-quvvatlov, razvedka, radioelektron kurash, havo hujumidan mudofaa tizimlarining yuqori darajada muvofiqlashtirilishini talab etadi. Bunday amaliyot uchun qo‘shinni tayyorlash va rejalashtirishga qo‘yiladigan talablar murakkab tabiiy to‘siqlar bo‘lmagan holatda yurish qilishdagidan yuqoriroq bo‘ladi.
Kim aybdor?
Hujumni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan artilleriya, muhandislik va an’anaviy razvedka, radioelektron va havo hujumiga qarshi kurash harbiy guruhda tegishli kuch va vositalar mavjudligiga bog‘liq. Qolaversa, shaxsiy tarkib ulardan oqilona foydalana olishi ham kerak.
Ya’ni bu ham amaliyotni tashkil etish va tayyorlash, ham jangovar harakatlarni bajarish uchun shaxsiy tarkibni tayyorlash masalasidir. Birinchisi uchun shtab va komandirlar, ikkinchisi uchun harbiy xizmatchilarni tayyorlashga mas’ul bo‘lganlar javob beradi.
Vuhledar masalasida bildirilgan fikrlarda Rossiya qo‘mondonligi layoqatsizligi to‘g‘risidagi ayblovlar ham yangragan va ushbu rossiyalik harbiy xizmatchilar harbiy harakatlar olib borishga tayyor bo‘lmagani ham taxmin qilingan.
«Avval qilingan xatolar namunali ko‘rinishda takrorlandi», deydi 2014 yildan buyon Ukrainada terrorchi hisoblanadigan Girkin o‘z telegram-kanalida.
«Ha, shubhasiz, biz ham dushmanga zarba beramiz vm mag‘lubiyatga uchratamiz, ammo raqib namoyish etgan kadrlar qo‘shinlar qo‘mondonligi va jangovar boshqaruvdagi shtab-kvartira darajasidagi inqirozni ko‘rsatib qo‘ydi», deyiladi «Vagner»ga yaqin hisoblangan Grey Zone kanalidagi xabarda.
2014 yildan buyon «DXR» tomonida jang qilib keladigan «Vostok» bataloni komandiri Aleksandr Xodakovskiy telegram-kanalida yozishicha, «axboriy fon» va «vagnerchilar»ning alohida uchastkalardagi muvaffaqiyatlari» rossiyalik harbiylarning shu kabi tayyorgarliksiz hujumlariga sabab bo‘lmoqda.
Urushlarni o‘rganish instituti obzorida Rossiya harbiylarining Ukrainadagi yurishlaridagi muammolarning bir qismi askar va zobitlarning tayyorgarlik darajasi pastligi bilan izohlanishi mumkinligi aytiladi.
«Biz kuzatgan barcha tuzilmalarning jangovar qobiliyati urushning dastlabki bosqichlarida pasayib ketgan va katta ehtimol bilan ularning shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlari safarbar qilinganlar bilan to‘ldirilgan. Aftidan, rossiyalik harbiylar safarbar qilingan kuchlarini o‘tgan qisqa muddat ichida quruqlikda mexanizatsiyalashgan qismlarning yurishlarini samarali o‘tkazish uchun tayyorlay olmagan», deyiladi ma’lumotnomada.
Va nihoyat, yurish qilishga buyruq berayotgan qo‘mondonlik o‘zidan yuqoridagi harbiy rahbariyat bosimi ostida harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid

13:36
YeI Kiyevga RF aktivlaridan tushgan foydadan mudofaa uchun 2 mlrd yevro ajratdi

11:10
Kreml Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish talabiga javob qaytardi

10:52
«Veymar+»: Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishi kerak

22:48 / 12.05.2025