O‘zbekiston | 23:02 / 05.04.2023
25970
3 daqiqa o‘qiladi

“Agar yutolmasam, qoningizni ichaman” - Navoiyda direktor o‘qituvchilarni elektron doska uchun ovoz yig‘ishga majburladi

Navbahor tumanidagi 9-umumta’lim maktabi direktori yig‘ilishda o‘qituvchilarga “Tashabbusli budjet”da ovoz to‘plash bo‘yicha “plan” qo‘ydi. Uni bajarmaganlarga esa o‘quv yili boshida dars soati taqsimotida munosabat mutlaqo boshqacha bo‘lishini bildirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 9-maktabga oid videolavha tarqaldi. Unda maktab direktori yig‘ilish o‘tkazib, har bir o‘qituvchi “Tashabbusli budjet”da 50 tadan ovoz to‘plashi kerakligini uqtirgan.

“Agar 100 ta o‘qituvchi 50 tadan ovoz to‘plasak, 5 mingta bo‘lishimiz kerak edi. Lekin biz 12 mln so‘mga sim-karta sotib oldik. Bugun ham 2 mln so‘m pul tayyorlab o‘tiribmiz, har bir sim-kartani 20 ming so‘mdan sotib olyapmiz.

4-5 ta maktab mingtalab sim-karta olib, qarab o‘tiribdi. Agar men yutolmasam, hammangning qoningni ichaman, millionlab oyligingni qo‘yasan. Hozir mudir hamma narsani inobatga olib, bu yerda jamoa o‘tirgani uchun indamay ketdi. Naryoqda eshitmagan gapim qolmadi.

Olsam oldim, agar olmasam, bittalab hisob-kitob qilaman. Ana o‘shanda ko‘rasan, darsni qanday qilib olasan va senga munosabat qanday bo‘ladi”, – deya o‘qituvchilarga bosim o‘tkazgan maktab direktori.

Maktabning tashabbusi – kuchli kompyuterlar, elektron doska, zamonaviy parta va stollar hamda xonalar uchun 3D dekoratsiyani o‘z ichiga oladi.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi videolavhadagi ovoz haqiqatdan ham Navbahor tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori D.Turobovaga tegishli ekanini tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, direktorga nisbatan “ish beruvchining tegishli buyrug‘iga asosan belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan”. Aynan qanaqa jazo ekaniga oydinlik kiritilmadi.

“Shuningdek, hozirda mazkur holat vakolatli organlar tomonidan maktab direktori D.Turobovaning hatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda. Ushbu holat yuqori turuvchi va vakolatli organlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha xabar beriladi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Viloyat MMTB ta’lim muassasalarida sodir etilayotgan turli holatlarga befarq bo‘lmagan ota-onalar hamda jamoatchilik vakillariga minnatdorchilik bildirgan. Boshqarma kelgusida ham doimiy hamkorlik ishlarini olib borishga tayyorligi ta’kidlangan.

Oldinroq Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 8-sinf o‘quvchilari dars vaqtida boshqa xonaga olib chiqilib, ro‘yxat bo‘yicha telefon raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib chiqish orqali, “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlangandi.

MMTBga ko‘ra, holat o‘rganilib chiqilgach, bunga maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari yo‘l qo‘ygani aniqlanib, unga nisbatan vakolatli organ tomonidan ma’muriy javobgarlik va jarima jazosi belgilangan.

Mavzuga oid