O‘zbekiston | 08:56 / 20.06.2023
6100
2 daqiqa o‘qiladi

Narkologik kasallikka chalingan shaxs bilan bog‘liq barcha tekshiruvlar dispanserning o‘zida o‘tkaziladi

19 iyun kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

“Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risidagi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonuni shular jumlasidandir.

Ta’kidlanganidek, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishi munosabati bilan davlat ambulatoriya va statsionar sharoitlarda narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish davlat tomonidan kafolatlanmoqda.

Majburiy davolash atrofdagilarning xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzayotgan, psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun bir yil ichida bir martadan ortiq ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda ushbu qonunga muvofiq majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilgan narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan sudning qaroriga asosan qo‘llanadi. Bunday majburiy davolash dispanser kuzatuvi ostida (dispanser hisobida) bo‘lgan va ixtiyoriy davolanishni rad etayotgan narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan qo‘llanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Qonunga narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida o‘tkazilishi haqidagi norma kiritilmoqda.

Yana bir yangilik sifatida narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni narkologik kasallikka chalingan shaxsning oila a’zolari xabardor qilingan holda, ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra tayyorlanishi, shuningdek, ushbu shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ish materiallarni sudga topshirish tartiblari belgilanmoqda.

Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid