O‘zbekiston | 00:10 / 15.09.2023
6563
2 daqiqa o‘qiladi

Sanepidqo‘mita Toshkent viloyatidagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanganini tasdiqladi

Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz/Arxiv

Toshkent viloyati, Angren shahridagi 10-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalarning ovqatdan zaharlanishi holati bo‘yicha Sanepidqo‘mita o‘z xulosasini berdi.

«Toshkent viloyati, Angren shahri shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 13 sentabr kuni soat 14:00 dan boshlab, 14 sentabr soat 21:00 ga qadar shahardagi 10-son DMTT tarbiyalanuvchilari ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tana harorati ko‘tarilishi, tez-tez ich ketishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilib, ulardan 24 nafari «Ovqatdan zaharlanish yoki oshqozon faoliyatining funksional buzilishi» birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan, 7 nafariga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan», deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, Sanepidqo‘mita xodimlari tomonidan bemorlardan hamda DMTT omborxonasida saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlaridan laboratoriya tekshiruvlari uchun namunalar olingan.

Shu bilan birga, DMTT 240 nafar tarbiyalanuvchisi shifokorlar tomonidan «to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va tibbiy nazoratga olingan». DMMT ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani aytilmoqda.

Avvalroq, Angren shahridagi 1-son bog‘chada 3 nafar, 10-son bog‘chada 14 nafar hamda 37-son bog‘chada 1 nafar tarbiyalanuvchi birlamchi ich buzilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid