Hyundai Saudiya Arabistonida yiliga 50 mingtacha avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod quradi
Reja bo‘yicha dastlabki avtomobillar 2026 yilda konveyerdan chiqadi.

Foto: Hyundai
Hyundai kompaniyasi navbatdagi avtomobil ishlab chiqarish zavodini Saudiya Arabistonida quradi. Kompaniya bu borada Saudiyaning suveren jamg‘armasi (Public Investment Fund, PIF) bilan memorandum imzoladi.
Jamg‘arma Hyundai bilan Yaqin Sharqdagi ilk zavodi qurilishiga 500 mln dollardan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Qirol Abdulloh iqtisod shahridagi zavod qurilishi 2024 yilda boshlanadi. 2026 yildan ilk avtomobillar konveyerdan chiqishi reja qilingan.
Qayd etilishicha, zavod bir yilda elektromobillarni ham qo‘shib hisoblaganda 50 ming donagacha avtomobil ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish Hyundai’ning boshqa zavodlarida bo‘lgani kabi yuqori darajada avtomatlashtirilgan bo‘ladi.
Janubiy Koreya kompaniyasi qo‘shma korxonaning 30 foizi, PIF esa 70 foiziga egalik qiladi.
Bundan tashqari, Hyundai Saudiyada vodorod mobilligini oshirish bo‘yicha g‘oyalarini ham olg‘a surmoqchi. Jumladan, avtogigant vodorodda harakatlanadigan tijorat avtomobillarini taqdim etish, qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok etish, texnologik xizmatlar sohasida ko‘mak ko‘rsatishni reja qilgan.
Bu mamlakatning 2016 yilda taqdim etilgan Saudi Vision 2030 strategiyasiga to‘la mos keladi. Strategiya Saudiyaning neft eksportiga qaramligini yo‘qotib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan. 2021 yildan mamlakat 2060 yilgacha uglerod neytralligiga erish bo‘yicha harakatni ma’qullovchi «yashil tashabbus»ni e’lon qilgandi.