O‘zbekiston | 12:32 / 18.12.2023
3905
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy va Lyublin o‘rtasida hududlararo hamkorlik o‘rnatiladi

Polshaning Lyublin voyevodligi va Navoiy viloyati o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev amaliy safar bilan Polshaning Lyublin voyevodligida (viloyati) bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Safar davomida hudud rahbariyati, ishbilarmon doiralar vakillari va oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Jumladan, Lyublin voyevodligi marshali (hokimi) Yaroslav Staviarski bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida energetika, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, kimyo sanoati, turizm, migratsiya, sport va madaniy-gumanitar sohalarda Navoiy viloyati va Lyublin voyevodligi o‘rtasida hududlararo hamkorlikni o‘rnatishga oid bitim loyihasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.

Voyevodlik marshali Yaroslav Staviarski Navoiy viloyati hokimligi boshchiligidagi delegatsiyani Polshaga taklif qildi. O‘z navbatida, Lyublin voyevodligi delegatsiyasining 2024 yil may oyida O‘zbekistonga borishga tayyorligi ma’lum qilindi.

O‘zaro tashriflar davomida ikki mamlakatda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda tegishli ishbilarmon doira vakillarining ishtiroki va qo‘shma biznes-forum tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.

Marshal o‘rinbosari Zbignev Voysexovskiy, Lyublin Savdo-sanoat palatasi prezidenti Dariush Yedlina hamda tibbiyot uskunalari, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari  bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Navoiy viloyatidagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali turli loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Lyublin iqtisodiyot va innovatsiyalar akademiyasi rektori Marek Opialek bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa ushbu oliy o‘quv yurti delegatsiyasining Navoiyga safarini uyushtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv natijasida Navoiyda mazkur akademiya filialini ochish va Yevropa Ittifoqining Erasmus+ loyihasi doirasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid