Aliyev Embreaer 190 «qora quti»si Moskvada ochilishiga ruxsat bermagan
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Embreaer 190 halokati qurbonlarining oila a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Aliyev navbatdagi marta hodisada Rossiyani ayblab, Moskvadan insoniylikka xos munosabat talab qildi.

Ozarboyjon prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Grozniy osmonini yopish bo‘yicha operatsiya samolyot yerdan turib o‘qqa tutilganidan keyin e’lon qilingan.
«Tabiiyki samolyotga yerdan turib o‘q uzilgan. Kunday ravshan, uchoq radioelektron vositalar bilan boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirilgan. Lekin uchoq nega Oqtovga yuborilgan? Hozircha bu savolga javobimiz yo‘q», degan Aliyev.
Ozarboyjon liderining aytishicha, uchuvchilar bu oxirgi parvozi ekanini tushungan, lekin shunday bo‘lsa-da, imkon qadar ko‘proq odamlarning hayotini saqlab qolish uchun harakat qilgan.
Rus tilidagi nutq
Uchrashuv ozar tilida o‘tkazilgan, lekin orada Aliyev rus tilida ham gapirgan. Tabiiyki, Ozarboyjon liderining bu gaplari Rossiya manziliga qaratilgan. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon qora quti MDH qoshidagi ofisi Moskvada joylashgan Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan ochilishiga keskin qarshi bo‘lgan. Shu bois qora qutini ochib, uni o‘rganish bilan Embrayer 190 ishlab chiqaruvchisi Braziliya shug‘ullanmoqda.
«Agar halokatning dastlabki soatlaridayoq Rossiyaning holatni obektiv o‘rganishga intilishini ko‘rganimizda, balki «qora quti» davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganilishiga rozi bo‘lardik. Bu tizim doirasida o‘n yillar hamkorlik qilganmiz. Tizim sobiq SSSR davlatlari hududida aviahalokatlarni o‘rganish bilan shug‘ullangan axir.
Lekin Rossiya tomoni ishni yopti-yopti qilishga, barcha aybni qushlarga yoki gazballon portlashiga ag‘darishga intilayotganini ko‘rib, bu tizim holatni obektiv o‘rganishiga menda va Ozarboyjon jamiyatida shubha paydo bo‘ldi.
Hozir qora qutini o‘rganish ishlari davom etmoqda. Umid qilaman, o‘rganish natijalarini bilganimizdan keyin hammasi o‘z o‘rniga tushib, bo‘lib o‘tgan halokatning to‘liq kartinasi shakllanadi», dedi Aliyev rus tilidagi nutqida. Ozarboyjon prezidenti navbatdagi marta aybdorlar jazolanishi muhim ekanini ta’kidladi.
Aliyev Rossiya halokat haqida absurd versiyalarni ilgari surayotganidan qattiq ranjigani, haqli tarzda g‘azablanganini aytdi. «Ozarboyjon fuqarolari bu halokatda qurbon bo‘lgani uchun ayb Rossiya vakillari gardanida. Biz adolat ta’minlanishi, aybdorlar jazolanishi va insoniy xatti-harakatlarni talab qilamiz», dedi Aliyev.
Nega Aliyev bu gaplarni takrorladi?
Ilhom Aliyev shunga o‘xshash gaplarni avval ham aytgandi. Xo‘sh, unda nega bu gaplarni takrorlayapti? Birinchidan, Aliyevning oldingi chiqishi butun ozarboyjonliklarga qaratilgan va qaysidir ma’noda ularga hisobot bergandi. Kechagi uchrashuv esa ancha tor doirada o‘tib, unda Embreaer 190 halokatida qurbon bo‘lgan ozarboyjonliklarning oila a’zolari qatnashgan. Aliyev prezident sifatida ularga halokat sabablarini tushuntirdi. Chunki bu oddiy halokat emas. Boshqa davlat hududida, jangovar qurol ta’sirida sodir bo‘lgan halokat.
Aliyev halokatning dastlabki kunlarida Rossiya Ozarboyjondan kechirim so‘rashi kerakligini aytib chiqqandi. Keyinroq Putin Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib kechirim so‘ragani aytildi. Lekin rasmiy xabarga ko‘ra, Putin «Uzr, Ilhom Haydarovich, bizning harbiylar bilmay fuqarolik samolyotingizni urib qo‘ydi», deb kechirim so‘ramagan. Shunchaki hodisa Rossiya osmonida sodir bo‘lgani uchun kechirim so‘ragan. Aftidan, Bokuni Moskvaning bunday mujmal javobi qanoatlantirmayapti.
Mavzuga oid

21:12 / 07.05.2025
Ilhom Aliyev 9 may kuni Moskvadagi paradga borishdan bosh tortdi

21:04 / 02.05.2025
Qorabog‘ haqida kutilmagan bayonot. Eron o‘z o‘qidan chiqib ketdimi?

13:16 / 26.04.2025
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefonda suhbatlashdi

07:49 / 10.04.2025