HAMAS va Isroil kelishuvi, hibsga olingan Koreya prezidenti va Baydenning xayrlashuvi - dunyo hafta ichida
Umrimizning yana bir haftasi ortda qoldi. Bugundan boshlab har yakshanba kuni dunyoda hafta davomida sodir bo‘lgan ba’zi muhim voqealarni yodga olamiz.

HAMAS va Isroil kelishuvi
Haftaning eng muhim voqeasi Isroil va HAMASning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani bo‘ldi. Bu jarayon juda qiyin kechdi, HAMAS-ku ancha avval sulhga roziligini bildirgandi, lekin Isroil tomoni uni imzolashni cho‘zib yubordi, xuddi yangi bandlar qo‘shayotgandek. Ammo oxir-oqibat o‘sha eski, o‘tgan yil 27-mayda Bayden tomonidan taklif etilgan kelishuv imzolandi.
Qatar bosh vaziri tomonlar kelishuvga erishgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa-da, Isroil keyingi uch kun davomida G‘azoda intensiv hujumlarni to‘xtatmadi. HAMAS sulh bo‘yicha kelishuvdan keyin ham Isroil hujumlari sabab 117 kishi halok bo‘lib, 300 ga yaqin odam yaralanganini ma’lum qildi. 17-yanvar kechga borib Isroil vazirlar mahkamasi kelishuvni tasdiqladi va endi bemalol aytsak bo‘ladi, G‘azodagi qirg‘inbarot tugaydi. Urushni to‘xtatmaslik va G‘azoni bosib olishni talab qilayotgan Smotrich va Ben Gvir kabi millatchilar alamdan sochini yulayotgan bo‘lsa kerak.
Demak kelishuvning birinchi bosqichida 33 isroillik asir qo‘yib yuboriladi. Evaziga Isroil G‘azodan chekinishni boshlaydi. Barchasi rejadagiday kechsa, 19-yanvar kuni sulh talablari bajarila boshlaydi va Isroil 50-kunga kelib G‘azodan bosqinchi armiyasini olib chiqadi. Kelishuv haqida batafsil video ham qilganmiz, uni ham ko‘rishni maslahat beramiz.
Koreya prezidenti «qamag‘da»
14-yanvar kuni tong sahar soat 04:20 da hali koreys qishloqlarida xo‘rozlar qichqirmay turib koreyalik 3 mingdan ortiq politsiyachi endilikda sobiq prezidentga aylangan Yun Sok Yolni qo‘lga olish uchun uning qarorgohiga shturm qilishdi. Esingizda bo‘lsa, dekabr oyi boshida prezident Yol mamlakatda yo‘q joydan harbiy holat e’lon qilib koresylar g‘azabiga uchragandi. Ko‘p o‘tmay parlament uni prezidentlikdan ketkazdi. 3-yanvarda ham politsiya uni qo‘lga olishga uringandi, lekin o‘shanda prezident qo‘riqchilari qattiq qarshilik qiladi. Politsiya qon to‘kilmasligi uchun operatsiyani qoldiradi.
14-yanvar kuni koreys mirshablar katta kuch bilan hujum qilishdi va yarim kunda mamlakatda xaos keltirib chiqargan prezidentni qo‘lga olib tergovga olib borishdi. Yun Sok Yol Koreya tarixidagi hali vazifasini bajarayotgan vaqtda mahkamaga tortilib hibsga olingan birinchi prezidentga aylandi. U aybini bo‘yniga olmayapti, lekin ishning borishiga qaraganda prezident Yun Sok Yol katta ehtimol bilan qamaladi.
Erdo‘g‘an saylovda qatnashmoqchi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ushbu haftada yana bir marta prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekanini aytdi. Vaholanki, Turkiyaning Erdo‘g‘an tashabbusi bilan yangilangan konstitutsiyasiga ko‘ra ham jumhurbashkan hozir oxirgi muddatini o‘tamoqda. Lekin uning maslahatchilari parlament muddatidan avval saylov o‘tkazishga qaror qilsa, Erdo‘g‘an yana bir saylovda qatnashishi mumkinligini aytishdi.
Turkiyalik mashhur xonanda Ibrohim Tatlisas Erdo‘g‘andan bu imkoniyatdan foydalanasizmi deb so‘radi. Erdo‘g‘an bey esa siz bilan tayyorman dedi. Hali Erdo‘g‘an 70 yoshda ekani inobatga olinsa, bu gaplar bekorga aytilmagan ko‘rinadi.
Bayden xayrlashdi
Hafta davomida AQSh prezidenti Jo Bayden amerikaliklar bilan xayrlashdi. Bayden Oq uy rahbari lavozimida ertaga tushgacha qoladi. Donald Tramp amerikalik soliq to‘lovchilar haqqiga xiyonat qilmaslikka qo‘llarini Injilga va 1787-yilda yozilgan Amerika konstitutsiyasiga qo‘yib ont ichganidan boshlab prezidentlik lavozimiga kirishadi.
Bayden xayrlashuv nutqida amerikaliklarni oligarxiya demokratiya uchun katta xavf ekanidan ogohlantirdi. Bu gapi bilan katta ehtimol Trampning atrofida to‘plangan Ilon Mask kabi milliarderlarga ishora qildi. Shuningdek, sun’iy intellektni asrning eng muhim texnologiyasi deb atab, uni nazoratdan chiqarish xavfli ekanini aytdi. Bayden nutqida bo‘lajak prezident Donald Trampga omad tiladi. Xayrlashuv nutqidan avvalroq esa Ukrainadagi urush haqida gapirib, Putinga juda kuchli vizov tashladi. Uning gapini aynan keltiraman: «Putin Ukrainaga bostirib kirganida Kiyevni bir necha kun ichida olaman deb o‘ylagandi. Lekin urush vaqtida Kiyev markaziga u emas, men bordim. Bu haqda yaxshigina bosh qotiring», dedi Bayden.
Los Anjyelesdagi yong‘inlar
Yil hali endi boshlandi, lekin Kaliforniyada allaqachon yilning eng dahshatli ofatlaridan biri sodir bo‘lishga ulgurdi. Los Anjyeles shahrida dahshatli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi. Yong‘in vaqtida Hollivuddagi juda ko‘plab kinoyulduzlar, qo‘shiqchilarning uylari yonib ketdi. Yong‘in qurshab olgan hududlar juda elit manzilgohlar ekani, u yerda juda qimmat uylar yonib ketgani sabab umumiy zarar 300 milliard dollar atrofida bo‘lgani hisoblanmoqda. Hozircha 25 kishi halok bo‘lgani ma’lum. Yong‘in haqida juda ko‘p yolg‘on xabarlar, dezinformatsiyalar tarqaldi. Oqibatda shtat gubernatori prezident Baydenga feyklarga qarshi kurashda yordam berishni so‘radi. Bo‘lajak prezident Donald Tramp yong‘inni bartaraf eta olishmaganida Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom va prezident Jo Baydenni aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gubernator odamlar hayotidan baliqlar hayotini ko‘proq o‘ylagani uchun yong‘inni o‘chirish imkoni bo‘lmagan. Tramp gubernatordan iste’foga chiqishni talab qilgan.
Braziliya maktablarida telefon taqiqlandi
Hafta davomida yaxshi ishlar ham bo‘ldi. Masalan, Braziliyadagi maktablarda o‘quvchilar uchun telefondan foydalanish taqiqlandi. Prezident Lula da Silva bu borada qonunni imzolar ekan buni juda zarur chora deb atadi. Endi Braziliya maktablarida telefondan foydalanish dars vaqtida ham, tanaffusda ham taqiqlanadi. O‘quvchi qurilmadan faqat ustozlari nazorati ostida, maktabga aloqador narsalarda ishlatishi mumkin. Braziliya hukumati bu qonunni tasdiqlashdan avval maktab o‘quvchilarining ota-onalaridan fikr olgan. Ularning 82 foizi cheklovni tasdiqlagan.
Kubada siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqdi
Ushbu haftada Jo Bayden ketishi oldidan Kuba bilan muhim kelishuvga erishdi. AQSh Kubani terrorizmni qo‘llovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Evaziga Kuba mamlakat qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan 553 nafar nafar siyosiy mahkumni ozod qildi. Kuba hukumati bu qaror orqali AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga umid qilmoqda.
Rossiya va Eron - strategik sherik
Ukrainaga bosqinni uchinchi yilki davom ettirayotgan Rossiyaning harbiy sohadagi eng yaqin ikki hamkoridan biri Eron hisoblanadi. Tehron urush boshidan buyon Rossiyaga dronlar yetkazib beradi. Endilikda Moskva va Tehron o‘z munosabatlarini strategik sherik darajasiga ko‘tardi. Ortda qolayotgan haftada Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Moskvaga bordi va Vladimir Putin bilan birga umumiy strategik sheriklik to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. 47 moddadan iborat kelishuv terrorizmga qarshi kurash, energetika, moliya, transport sanoat, qishloq xo‘jaligi va yana ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Turkiyada aroqdan zaharlanish
Bu hafta aroqxo‘rlar uchun og‘ir keldi. Avvaliga Samarqandda 5 kishi, keyin esa Istanbulda 38 kishi qo‘lbola aroq ichib vafot etdi. Istanbulda aroqdan zaharlanib o‘lgan 38 kishining 17 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan. Qurbonlar orasida turkmanlar ham ko‘p. Bu hodisada gumonlanuvchi sifatida Turkmaniston fuqarolari qo‘lga olingan. Turkiya politsiyasi axborotiga ko‘ra, bu hodisadan keyin Istanbulda 32 ming litrdan ortiq qo‘lbola spirt musodara qilingan.
Mavzuga oid

22:55 / 09.12.2023
Harbiylar Putinni ko‘ndirdi, G‘azoda erkaklar yechintirildi, Ukraina rahbariyatida bo‘linish – hafta dayjesti

01:48 / 04.12.2023
Ko‘proq tug‘ishga undagan Putin, islovatxonalarni yopishni buyurgan Tashiyev – hafta xorijiy dayjesti

23:19 / 26.11.2023
Putinni eshitishmadi, G‘azoda diplomatiya, Argentinada «telba» prezident – hafta xorijiy dayjesti

21:36 / 19.11.2023