Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Latviya va Shvetsiya o‘rtasidagi suvosti kabeliga shikast yetkazishda gumonlangan kema hibsga olindi
Holat yuzasidan olib borilayotgan tergovga qator davlat hokimiyati organlari, jumladan, politsiyaning milliy tezkor departamenti, sohilni qo‘riqlash xizmati va Shvetsiya Qurolli kuchlari jalb etilgan.

Shvetsiya prokuraturasi mamlakatni Latviya bilan bog‘lab turuvchi kabelga shikast yetkazishda gumonlangan kemani hibsga oldi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Prokuratura kema nomi va u qaysi davlatga tegishli ekaniga oydinlik kiritmagan. Ekipaj a’zolari qayerda ekani va ularning maqomi ham ochiqlanmagan.
Katta prokuror Mats Yungkvistning so‘zlariga ko‘ra, tergovda qator davlat hokimiyati organlari, jumladan, politsiyaning milliy tezkor departamenti, sohilni qo‘riqlash xizmati va Shvetsiya Qurolli kuchlari ishtirok etmoqda.
LSM portali oldinroq harbiylar shikast yetkazilgan kabel yaqinida bo‘lgan Michalis San nomli kemani ko‘zdan kechirgani to‘g‘risida xabar bergandi. Latviya dengiz kuchlari qo‘mondoni Maris Polensning aytishicha, kema Rossiya tomon harakatlanayotgan bo‘lgan. «O‘rganish davomida hech qanday shubhali faollik yoki langarning shikastlanishi aniqlanmadi», — degan u.
Polensning qo‘shimcha qilishicha, harbiylar hodisa joyi atrofidagi boshqa kemalar harakatini tahlil qilib, allaqachon ittifoqchilarga mavjud ma’lumotlarni taqdim etgan.
Latviya davlat radio va televideniye markaziga tegishli suvosti optik tolali kabeliga 26 yanvar kuni ertalab shikast yetgan. Uzilishlar Venspils—Gotland hududida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida Finlandiya hukumati Rossiyaning «maxfiy floti» tarkibiga kiruvchi Eagle S tankerini hibsga olgan edi. Ushbu tanker Estlink 2 elektr kabeli va to‘rtta telekommunikatsiya kabeliga langari yordamida shikast yetkazishda gumonlangan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, kema NATO floti va samolyotlarini kuzatish uchun josuslik uskunalari bilan jihozlangan.
Mavzuga oid

13:44
Ehtimoliy diversiya: Germaniya g‘arbida poyezdlar harakati bekor qilindi

15:07 / 21.07.2025
Latviya O‘zbekistonda xalqaro maktab tashkil etish imkonini ko‘rib chiqmoqda

07:40 / 18.07.2025
Latviya sudi "Dojd" litsenziyasini qaytarib olish qarorini bekor qildi

13:39 / 15.07.2025