Yevroittifoq: Rossiya Navalniyning advokatlari va barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan ozod etishi kerak
Rossiyalik muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy vafotiga bir yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi bayonot bilan chiqib, Rossiyani barcha siyosiy mahbuslarni ozod etishga chaqirdi.

Foto: EPA
Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniyning o‘limi uchun javobgarlikni Rossiya hukumati hamda Vladimir Putinga yuklaydi va barcha rossiyalik siyosiy mahbuslar ozod etilishini talab qildi. Bu haqda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas tomonidan rossiyalik muxolifat yetakchisi o‘limiga bir yil to‘lishi munosabati bilan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
«Rossiya Ukrainaga qarshi noqonuniy bosqinchilik urushini tobora faol olib bormoqda va shu bilan birga, demokratiya uchun chiqish qilayotganlarni ta’qib qilib, ichki repressiyani davom ettiryapti. Aleksey Navalniy erkin va demokratik Rossiya uchun o‘z jonini fido qildi. Bugun uning advokatlari adolatsiz ravishda yuzlab siyosiy mahbuslar bilan qamoqda o‘tiribdi. Rossiya Aleksey Navalniyning advokatlari va barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod etishi kerak», — deyiladi bayonotda.
Navalniyning o‘limiga bir yil to‘lishi munosabati bilan qo‘shma bayonotni, shuningdek, Yevropaning 15 ta davlati, bundan tashqari, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya tashqi siyosiy idoralari ham e’lon qildi.
Diplomatlar Navalniyning oilasiga hamdardlik bildirib, rossiyalik siyosiy mahbuslarning ozod etilishini yana talab qildi.
«Biz Navalniyning o‘limi uchun asosiy mas’uliyat Rossiya hukumati zimmasida ekanini yana bir bor ma’lum qilamiz. Oradan bir yil o‘tib, Rossiyada inson huquqlari bilan bog‘liq dahshatli vaziyat yomonlashishni davom etmoqda. Kreml boshqacha fikrdagi tinch fuqarolarni bostirmoqda, qo‘rquv muhitini qo‘llab-quvvatlayapti va qonun ustuvorligini buzmoqda. Bularning barchasi shaxsiy manfaatlar uchun», — deya ta’kidlanadi bayonotda.
Mavzuga oid

21:34 / 08.05.2025
Moskva va Vashington Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishni tiklash variantini muhokama qilmoqda

20:20 / 06.05.2025
Yevroittifoq Rossiyaning 150 ta tankeriga qarshi sanksiyalar joriy etadi - Bloomberg

18:14 / 05.05.2025
YeI olimlarni jalb qilish uchun 500 mln yevrolik rag‘batlantirish dasturini ishga tushiradi

14:38 / 02.05.2025