Jahon | 21:29 / 21.02.2025
7473
2 daqiqa o‘qiladi

Kellogg Ukrainada Zelenskiy bilan uchrashgandan keyin birinchi bayonot bilan chiqdi

Trampning maxsus vakili Ukrainaning boshqa yuqori martabali rasmiylari bilan ham gaplashgan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng ilk bayonotini berdi. U kunni mamlakat oliy rahbariyati bilan muloqotda o‘tkazganini ta’kidladi.

«Ukraina oliy rahbariyati bilan uzoq va to‘laqonli muloqot kuni. Urushdagi mamlakatning jasoratli rahbari Vladimir Zelenskiy va milliy xavfsizlikni ta’minlagan iste’dodli jamoasi bilan keng va ijobiy muhokamalar bo‘ldi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Kelloggning so‘zlari Zelenskiyning Kiyevda u bilan uchrashgandan keyingi birinchi bayonotiga javob bo‘ldi. Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Trampning maxsus vakili bilan uchrashuv mamlakat AQSh bilan hamkorlikni davom ettirishiga «umidni tikladi».

«General Kellogg bilan biz frontdagi vaziyatni, Rossiyada saqlanayotgan barcha harbiy asirlarimizni ozod qilish zarurligini va aniq, ishonchli xavfsizlik kafolatlari tizimi zarurligini muhokama qildik - bu urush hech qachon qaytmasligini va Rossiya endi odamlarni hayotdan mahrum etmasligini ta’minlaydi», dedi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.

19 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Kiyevga tashrif buyurib, prezident Zelenskiy bilan uchrashdi. Tomonlar muloqot yakuniga ko‘ra matbuot anjumanida ishtirok etishi lozim edi. Biroq tadbir noma’lum sabablarga ko‘ra o‘tkazilmadi.

Avvalroq Ukraina prezidenti AQSh maxsus vakili Kellogg Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina fuqarolari va harbiy xizmatchilari bilan urushni tugatish masalasida Vashingtonning to‘g‘ri pozitsiyasini aniqlashi kerakligi haqida ma’lum qilgandi. Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Kelloggning o‘zi Kiyev va boshqa shaharlarni kezib, xalq bilan shaxsan muloqot qilishi muhim.

Mavzuga oid