O‘zbekiston | 16:38 / 11.03.2025
2265
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Andorradagi birinchi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Farrux Tursunov Andorrada ham elchilik qiladi.

Foto: dunyo.info

O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Andorra hamraisi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi. Elchi qarorgohi Madridda joylashgan.

Fransiya yetakchisi O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhim vazifa ekanini alohida ta’kidlab, elchining professional diplomatik mahorati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

«Biz O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratamiz va barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyormiz», dedi Makron.

O‘zbekiston va Andorra o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2009 yil 1 dekabrda o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida 2023 yil 7 dekabr kuni Madridda ish boshlagan. Diplomat 2024 yil 9 aprelda O‘zbekiston elchisi sifatida Ispaniya qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgan.

Shuningdek, Farrux Tursunov mamlakatimizning «BMT Turizm» tashkilotidagi (avvalgi Butunjahon turizm tashkiloti) doimiy vakili hisoblanadi.

Mavzuga oid