Rossiya Moldovaning uch diplomatini chiqarib yuboryapti
Moskva Moldova elchixonasining uch xodimini o‘zaro prinsip asosida persona non grata deb e’lon qildi. Avvalroq Kishinyov rossiyalik uch diplomatni «diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyati» uchun chiqarib yuborgan edi.

Foto: Imago
Moldovaning Moskvadagi elchixonasi uch nafar xodimi persona non grata deb e’lon qilindi va Rossiya hududini tark etishlari shart. Tegishli nota 4 aprel, juma kuni Moldovaning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Lilian Dariyga topshirildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu chora rossiyalik uch diplomatning Kishinyovdan chiqarib yuborilishiga javob sifatida ko‘rilganini ma’lum qildi.
31 mart, dushanba kuni Moldova Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasi uch xodimini «diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyati» uchun chiqarib yuborish haqida buyruq berdi. Moldova rasmiylari Rossiya elchixonasini korrupsiyada va siyosiy partiyalarni noqonuniy moliyalashda ayblanayotgan rossiyaparast deputat Aleksandr Nesterovskiyning tan olinmagan Dnestrbo‘yiga qochib ketishiga yordam berganlikda aybladi.
Moldova razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Nesterovskiy Rossiya elchixonasi binosida panoh topgan, shundan so‘ng uni diplomatik raqamlari bo‘lgan mashinada Dnestrbo‘yiga olib ketishgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etdi. «Rossiya diplomatik vakolatxonasini Moldova Respublikasining ichki ishlariga aralashishda ayblashga urinishlar hech qanday asosga ega emas», — deyiladi Rossiya diplomatik missiyasi bayonotida.
Moldova va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri o‘ta keskinligicha qolmoqda. So‘nggi yillarda har ikki davlat bir-birining o‘nlab diplomatlarini chiqarib yubordi, deb xabar beradi AFP. Kishinyov bir necha bor Kremlni mamlakat ichki siyosatiga, jumladan, Moldovadagi saylov natijalariga aralashishda ayblagan.
Mavzuga oid

11:31
Tramp o‘tgan juma Rossiya-Ukraina muzokaralari uchun yaxshi kun bo‘lganini aytdi

00:41
Rossiyada migrantlarning farzandlarini bog‘chaga qabul qilishda qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin

13:55 / 25.04.2025
Ochlikka ro‘para bo‘lgan G‘azo, sanksiyalardan xalos bo‘lishga urinayotgan Suriya va Rossiyaning Qirg‘izistonga tahdidi - kun dayjesti

12:04 / 25.04.2025