«Esingiz borida etagingizni yopib oling» - Turdimov xususiy korxonalar rahbarlarini soliqdan qochmaslikka chaqirdi
Sirdaryodagi xususiy klinikalar shifokorlar maoshini 500 ming so‘mgacha kamaytirib ko‘rsatgan.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi
Sirdaryo viloyati hokimligida xususiy tibbiyot muassasalari hisobotlari natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, viloyatdagi xususiy klinikalarda 1600 ga yaqin mutaxassis, jumladan, 443 nafar oliy toifali shifokor ishlayapti. Xususiy klinikalarning 2024 yil uchun soliq hisobotlari tahliliga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi atigi 2,2 million so‘mni tashkil etadi. Ammo o‘tkazilgan so‘rovnomada shifokorlar xususiy klinikalarda ishlashdan olinadigan real daromadi 8 mlndan 35 million so‘mgacha ekanini ma’lum qilgan.
Rasmiy ma’lumotlar kamaytirilishi oqibatida viloyat budjetiga har yili 12,7 milliard so‘mga yaqin soliq tushumlarini yo‘qotayotgani ta’kidlab o‘tilgan.
Tuman va shaharlar nuqtai nazaridan olib qaralganda Guliston tumanida xususiy poliklinikalar yuqori toifali shifokorlarga o‘rtacha 500 ming so‘m, Sardoba va Sayxunobod tumanlarida — 800 ming so‘m, Boyovut tumanida — 900 ming so‘m pul to‘lagan. «Bu raqamlar ishlarning haqiqiy holatini aks ettirmasligi aniq», — deyiladi hisobotda.
Viloyat hokimi v.b. Erkinjon Turdimov yashirin sxemalarga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi va chorak yakunlari bo‘yicha vaziyatni yana bir bor tahlil qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.
«Soliqdan qochish tamoyilidan voz kechish kerak. Xususiy klinikalar hammasi hozir soliqdan qochmoqda, soliq to‘lamaslikka harakat qilmoqda.
Hurmatli xususiy korxona rahbarlari. Sizlardan iltimos qilamiz, talab qilamiz: esingiz borida etagingizni yopib oling. Va bor narsani hisobotda ko‘rsatishingizni so‘raymiz.
Aks holda, ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bu esa yaxshilikka olib kelmaydi», degan viloyat rahbari.
Bundan avvalroq Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Xatamov ishdan olinib, uning o‘rniga Suhrob Tavboyev tayinlangani xabar qilingandi.
Mavzuga oid

17:00
Xususiy klinikalarni tekshirish bo‘yicha SSVning vakolatlari kengaytirilishi mumkin

09:47 / 22.04.2025
Buxoroda xususiy klinikada 11 yoshli bola vafot etgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

19:27 / 21.04.2025
Farg‘onadagi xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun borgan departament xodimi vafot etdi

08:53 / 20.04.2025