Jamiyat | 15:15 / 19.04.2025
35094
9 daqiqa o‘qiladi

“Birgina videosi YouTube’da 35 mln marta tomosha qilingan” - qo‘shtepalik yosh muhandis bunga qanday erishmoqda?

Jahongirmirzo Ibrohimov Inha unversitetini tamomlagan. YouTube’dagi kanalida 3D printerda yasagan muhandislik ishlarini ingliz tilida joylab boradi. Uning videolari platformaning Shors (qisqa videolar) bo‘limida millionlab ko‘riladi. Avvaliga bu ishlarni bir o‘zi boshlagan bo‘lsa, hozirda uning butun boshli bir jamoasi bor.

Jahongirmirzo Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidan. Uning boshchiligidagi jamoa zamon talabiga mos bo‘lgan buyumlar, anjomlarni 3D printerda yasab ko‘pchilikning og‘irini yengil qilyapti.

“Hozirda Marg‘ilon shahrida muhandis sifatida o‘z faoliyatimni yuritib kelyapman. Sohamdan kelib chiqqan holda, muhandislikka oid bo‘lgan videolarni YouTube’ga ingliz va o‘zbek tilida joylab kelyapman. Ingliz tilidagi kanalimiz Engineericly deb nomlanadi.

Jahongirmirzo Ibrohimov

Videolarimizni asosan ingliz tilida so‘zlashadigan davlatlardan kuzatishadi. Inglizcha kanalimizda har xil eksperimentlar ko‘rishingiz mumkin. Bunga bir misol, O‘zbekiston sharoitiga bog‘liq bo‘lgan bitta qilgan eksperimentimiz Gravity Battery deb nomlanadi. Buning asosiy konsepsiyasi shundayki, og‘ir bir yukni tepaga ko‘tarib turib, uni gravitatsiya hisobiga pastga tushish kerak u yuk. O‘sha pastga tushayotgan paytda qandaydir generatorga bog‘lab qo‘yiladi-da, u generatorni yuk aylantiradi, shuning hisobiga energiya chiqariladi. Uyimizning tomiga quyosh panellarini joylaganmiz. U panellardan olingan energiya orqali og‘ir toshlarni tepaga ko‘targanmiz, motor orqali. Endi quyosh kirib ketgandan keyin kechqurun u og‘ir yuklar pastga tushishi hisobiga generatorimiz aylanadi va ishlab chiqarilgan tokdan kechqurun foydalansak bo‘ladi. Shu narsaning kichkina bir konsepsiyasini loyihalashtirib, videoda yoritib ko‘rsatib berganmiz. Bu videomiz ingliz auditoriyasi tomonidan yaxshi qabul qilindi, 500 mingdan oshiq ko‘rilgan.

Jahongirmirzo Ibrohimov jamoasi bilan

Undan keyingi proyektimiz Sand Battery deb nomlanadi. Bu ham energiyaga oid bo‘lgan video. Bu qumning kimyoviy xususiyatlaridan foydalangan holda qilingan tajriba. Qum issiqlikni o‘zida juda yaxshi saqlar ekan. Shundan foydalangan holatda yozda yoki kunduzi quyosh panellaridan olingan energiya orqali qumni qizdirib olamiz. Yozda qumni qizdiramiz-da, unda saqlangan issiqlik orqali qishda o‘sha issiqlik orqali suvni isitib turib, uylarni o‘sha issiq suv orqali isitsak bo‘lar ekan. Videoda shu narsani ko‘rsatib berganmiz.

Basketbol to‘pini ham 3D printerdan yasaganmiz. Avvalroq Wilson kompaniyasi ana shunday Airless basketbol deb nomlangan to‘p chiqarishgan, lekin narxini 2500 dollar deb qo‘yishgan. Basketbol to‘pi uchun 2500 dollar juda qimmat narx. Shuning uchun biz arzonroq versiyasini chiqaramiz deb, 3D printerdan o‘zimizning versiyamizni chiqardik. Shu to‘pni video qilib yoritganmiz. YouTube Shors’da 20 millionga yaqin odam ko‘rgan. Yana bir qiziq ma’lumot, shu to‘pni yasash uchun 3D printerimiz uch kunga yaqin to‘xtamasdan ishlagan. Yaxshiyam “svet” o‘chib qolmagan o‘shanda.

Bunday eksperimentlardan tashqari, o‘zimiz dizayn qilib, ularni ham sotishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bunga misol Gravity Hook deb nomlanadi yaqinda qilgan loyihamiz. Buni ham 20 millionga yaqin odam yoqtirib kuzatdi va o‘zining ham haqiqiy printerdan chiqarilgan versiyasini ham sotishimizni so‘rashdi. Lekin biz uni sotishni hali yo‘lga qo‘ymadik. Xudo xohlasa, qo‘yish arafasidamiz. O‘zbekistonda chiqarib eksport qilmoqchimiz butun dunyoga. Lekin hozircha elektron versiyasini chet elga 3D printeri bor odamlarga o‘zimiz qilgan dizaynlarni shu paytgacha sotib kelyapmiz.

Yana bitta qiziq eksperimentlarimiz turi bor. Buni 3D Printing Versus Real deb nomlaymiz. Bu shunday narsaki, 3D printerdan chiqarilgan narsalar bilan haqiqiy bozorda sotib oladigan narsalarni 3D printerdan chiqaramiz, bozorda sotiladigan versiyasiga o‘xshatgan holatda. Keyin ikkalasini solishtiramiz. Shunga o‘xshash seriyada 20 tadan oshiq video chiqarganmiz. Bumeranglar, tennis to‘plari, tennis rogatkalari, har xil narsalarni, futbol to‘pini ham solishtirib ko‘rganmiz 3D printerdan chiqarilgan versiyasi bilan haqiqiysini. Shu 3D Printing Versus Real deb nomlangan eksperimentlarimizni o‘rtacha 200 milliondan oshiq odam dunyo bo‘yicha ko‘rgan.

O‘zi aslida videolarimizni ingliz tilida chiqarishni boshlaganmiz. O‘zbekligimni bilib qolgandan keyin odamlar, o‘zbek ekansiz-ku, nega o‘zbekcha gapirmaysiz degan izohlar ko‘payib ketishni boshladi. O‘zbekcha video ham chiqaring deb. Shuning uchun o‘zimning ismim bilan o‘zbekcha videolarni ham chiqarishni boshladim.

Bunga misol, birinchi chiqargan videolarimizdan bittasi, qo‘limni 3D skaynerda skaynerlab turib, xuddi shuni shunaqa holatda 3D printerdan chiqarganmiz plastmassadan. Keyin uni o‘zimizning xonamizga dekoratsiya sifatida qo‘yib qo‘yganmiz.

Loyihalarimizdan bittasi, ko‘rib turganingiz, haqiqiy insonning miyasi. Bu videomiz shunaqa bo‘lgan ediki, o‘zimning miyamni 3D printerdan birga bir qilib chiqarmoqchi bo‘lganman. Keyin MRT skaynerga borib, miyamni skaynerlatganman. Shundan keyin 3D model olmoqchi bo‘lganmiz. Judayam qiziq eksperiment bo‘lgan edi.

Ofisda shunchaki o‘tirib buyum yasab video chiqarishdan boshqa yana o‘zimiz yasagan har xil texnikalarni tashqariga olib chiqib, odamlarning ichida eksperiment ham qilib ko‘rdik. Bunga misol, mustaqillik kunida o‘zimiz yasagan texnikalar orqali odamlarga mustaqillik shukuhini ulashish uchun bayroqchalar tarqatdik. Bolalar judayam qiziqib ko‘rishgan biz yasagan mashinachani. Yana bitta misol, o‘zimiz yasagan mashinacha orqali Ramazon oyida odamlarga iftorlikka suv va xurmo tarqatganmiz. Bu ham yoshlarimiz uchun judayam qiziq bo‘lgan. Bunday loyihalar bolalarni muhandislikka qiziqtirishda katta ahamiyatga ega deb bilaman.

Maxsus ko‘zoynak orqali uzoq masofadan turib mashinachalarni boshqarganmiz. Odamlar eksperiment bo‘lgani uchun uzoqdan boshqarib turganimizni ko‘rishmagan, lekin u mashinachamiz odamlarning reaksiyasiga hamohang ravishda reaksiya bildirgan. Juda ajoyib narsa bo‘lgan.

Amalga oshirgan loyihalarimizdan tashqari, hali ishdan to‘xtab qolganimiz yo‘q. Mana misol uchun, hozirgi qilayotgan loyihalarimizdan biri, robot manipulyator qo‘l. Hali bu oxiriga yetgani yo‘q, lekin juda oz qoldi. Bu robot qo‘limizni yasashdan maqsad shuki, zavodlardagi ish samaradorligini oshirish. Bu narsa shu paytgacha Xitoydan faqat import qilib olib kelinardi. Endi o‘zimizda shu robot qo‘lni noldan yasashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Muhandislikning yaxshi tomonidan biri shundaki, siz xohlagan narsani o‘zingiz yasasangiz bo‘ladi.

Faoliyatim davomida shu narsaga guvoh bo‘ldimki, nogironligi bo‘lgan odamlar protez oyoqlarni faqat chet eldan import qilib olib kelishar ekan. Chetdan olib kelish esa judayam qimmatga tushadi. Olib kelishga ham ko‘p vaqt sarflanadi. Yaqin kelajakda protez oyoqni O‘zbekistonda yasashni yo‘lga qo‘yish arafasidamiz. Chet eldan keladigan protez oyog‘idan ham arzon, ham yasash osonroq bo‘ladi”, – deydi yosh muhandis Jahongirmirzo Ibrohimov.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov

Mavzuga oid