«Sababi korrupsiya bilan bog‘liq» - sog‘liqni saqlash vaziri yaroqlilik muddati juda qisqa dori-darmonlar sotib olinayotgani haqida
Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda SSV rahbaridan nima uchun poliklinikalar yaroqlilik muddati juda qisqa dorilarni sotib olayotgani bo‘yicha izoh so‘raldi. Vazir Asilbek Xudoyorov firmalar sota olmagan dorilarini pora evaziga o‘tkazish holatlari uchrab turishini ta’kidlab, «bunday sxema juda yaxshi ma’lum» ekanini bildirdi.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Hukumat soati»da sog‘liqni saqlash sohasidagi moliyaviy shaffoflik va samaradorlik masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Partiya vakili Zuhriddin Mavlonov yig‘ilish davomida davlat budjeti mablag‘larining samarasiz sarflanayotganini aytdi. U sohaga ajratilayotgan mablag‘larning yo‘naltirilishida jiddiy shubhali holatlar borligini ta’kidlab, sog‘liqni saqlash vaziriga tanqidiy savol yo‘lladi.
Mavlonovning qayd etishicha, respublikaning deyarli barcha viloyatlarida, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tibbiyot muassasalarida zarur dori-darmonlar, tibbiyot anjomlari bilan ta’minlanganlik holati o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida ayrim tibbiyot muassasalarida yaroqlilik muddati juda qisqa bo‘lgan dori-darmonlar sotib olingani, ayrim holatda esa kafolatlangan paketga kiruvchi dorilar xarid qilinmagani aniqlangan.
«Masalan, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 34-sonli oilaviy poliklinikada kafolatlangan paketga kiruvchi 27 turdagi dori-darmondan atigi 15 tasi xarid qilingan, ulardan to‘rttasining yaroqlilik muddati hisobga olinadigan bo‘lsa, ular ehtiyojdan ortiqcha. Bu yerda budjet mablag‘lari samarasiz sarflanayotgani ko‘rinadi. Ushbu masalani biz fraksiya yig‘ilishlarida ham bir necha bor muhokama qilganmiz», — deydi deputat.
Zuhriddin Mavlonov sog‘liqni saqlash vazir Asilbek Xudoyorovdan budjet mablag‘lari samarasiz sarflanayotgani yuzasidan qanday izoh berishini so‘radi. Vazir tizimda muammolar borligini inkor etmadi va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotganini bildirdi.
Asilbek Xudoyorovning so‘zlariga ko‘ra, yaroqlilik muddati uchta toifaga berilgan — 70, 50 va 30 foiz. Prokuratura bilan birgalikda xarid jarayoni nazorat qilinadi.
«Buning kelib chiqish sababi — korrupsiya bilan bog‘liq, albatta. Ko‘plab firmalar o‘zi dorilari sota olmaganidan keyin borib gaplashadi, ma’lum bir pora evaziga dorisini o‘tkazish holati bor. Bu [dorilar] bemorga yetib bormaydi. Bu faqat «spisaniye» bo‘ladi, o‘sha yerda yo‘q qilinadi. Bunday sxema juda yaxshi ma’lum va bunga qarshi biz qattiq kurashyapmiz», — deya ta’kidladi SSV rahbari.
Shuningdek, u kafolatlangan sug‘urta tizimi joriy qilingan hududlarda kafolatlangan paket joriy etilayotgani haqida ham gapirdi.
«Biz hozir tasdiqlash jarayonidamiz… Kafolatlangan paket haqiqiy kafolatlangani bo‘lgani uchun butun rivojlangan davlatlarni hisoblaganimizda, juda ko‘p kasalliklarga kafolat berilmas ekan. Biz to‘qqizta yo‘nalishda eng ko‘p uchraydigan kasalliklarni oldik. Mana shularga mos ravishda ishlatiladigan ambulator xizmatdagi aniq oilaviy poliklinikada nechta dori bo‘lishi kerak. Buni e’lon qilamiz, kerak bo‘lsa, poliklinikaga osib qo‘yib, fuqarolar da’vo qilishiga sharoit yaratib beramiz», — deydi vazir.
Mavzuga oid

17:00 / 25.04.2025
Xususiy klinikalarni tekshirish bo‘yicha SSVning vakolatlari kengaytirilishi mumkin

08:09 / 20.02.2025
Nogironlik qanday tartibda belgilanadi? SSV mutaxassisi yangi tizim haqida

19:53 / 17.01.2025
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga direktor tayinlandi

17:05 / 06.01.2025