Fantastik final. O‘zbekiston o‘smirlari 9 kishi bo‘lib o‘ynab Osiyo chempioniga aylandi
Turnir mezboni Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limidayoq O‘zbekistonning ikki futbolchisi maydondan chetlatilgandi.

Foto: O‘FA
Osiyo Kubogi U-17. Final
O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni 2:0
20 aprel. Toif. «Qirol Fahd» stadioni
Gollar: Muhammad Hakimov (50, penalti), Sadriddin Hasanov (71).
O‘zbekiston — Ne’matulloh Rustamjonov, Muhammad Hakimov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Miraziz Abdukarimov, Sadriddin Hasanov (Jamshid Rustamov, 79), Muhammad Habibullayev (Amirxon Murodov, 90+3), Sayfiddin Sodiqov (Behruz Saidmurodov, 46), Muhammadali Musoxonov, Abubakr Shukurullayev (Asilbek Aliyev, 46), Azizbek Erimbetov (Azizbek Abdumo‘minov, 75), Nurbek Sarsenbayev.
Chetlatishlar: Nurbek Sarsenbayev (40), Miraziz Abdukarimov (45).
20 aprel kun Saudiya Arabistonining Toif shahridagi «Qirol Fahd» stadionida o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mezbonlarga qarshi maydonga tushgan O‘zbekiston vakillari qahramonlik ko‘rsatib, ishonchli g‘alabaga erishdi.
Birinchi bo‘limdayoq O‘zbekiston 9 kishi bo‘lib qoldi: o‘yinning 39-daqiqasida Nurbek Sarsenbayev raqib o‘yinchisi bilan to‘qnashgach, unga oyog‘i bilan zarba berdi. Qatarlik hakam bu holatni qizil kartochkaga loyiq ko‘rdi, VAR qarorni o‘z kuchida qoldirdi. Futbolchi maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Miraziz Abdukarimov «so‘nggi umid foli» uchun maydondan chetlatildi.
Bu zarbalardan o‘zbekistonliklar ruhiyatini cho‘ktirmadi va ikkinchi bo‘limni hujumkorlik bilan boshladi. 50-daqiqada mezbonlar futbolchisi jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, Muhammad Hakimov esa belgilangan penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi.
70-daqiqada esa darvozabon Ne’matulloh Rustamjonov ketma-ket seyvlardan so‘ng tezkor qarshi hujumni boshladi, qanotdan oldinga tashlangan Sadriddin Hasanov raqib posboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, ikkinchi golni urdi.

O‘yinning qolgan qismida ham O‘zbekiston vakillari 9 kishi holatida g‘alabani saqlab qolib, Osiyo chempioniga aylandi.
Islom Ismoilov boshchiligidagi jamoa turnirni o‘ta kuchli o‘tkazdi: guruh bosqichida dastlab Tailandni 4:1 hisobida mag‘lub etgan, ikkinchi turda Xitoy ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishib, guruh bosqichi va jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilgandi. Uchinchi turda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi rasmiyatchilik uchun o‘tkazilgan o‘yinda ham 3:0 hisobida g‘alaba qayd etilgandi.
Pley-offda esa avvaliga BAA 3:1 hisobida taslim etildi, yarimfinalda esa KXDR darvozasiga javobsiz 3 ta to‘p kiritildi, holbuki shimoliy koreyaliklar chorakfinalda Indoneziyani 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Turnir davomidagi olti o‘yinda raqiblar darvozasiga jami 17 ta gol urilib, atigi 3 ta gol o‘tkazib yuborildi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekistonning uch vakili individual sovrinlarni qo‘lga kiritdi: Ne’matulloh Rustamjonov — turnirning eng yaxshi darvozaboni; 5 ta gol urgan Asilbek Aliyev — eng yaxshi to‘purar; Sadriddin Hasanov — turnirning eng yaxshi futbolchisi.
Endi bu jamoa 3–27 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatida ishtirok etadi.
Bu O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi ikkinchi bor Osiyo chempioni bo‘lishidir. Bungacha 2012 yil oktyabrida Eronda bo‘lib o‘tgan turnirda Dilshod Nuraliyev boshqaruvidagi jamoa finalda Yaponiyani mag‘lubiyatga uchratib, Xirosima-1994 o‘yinlaridan keyin O‘zbekistonga milliy jamoalar darajasidagi ikkinchi Osiyo chempionligini keltirgan edi.

Mavzuga oid

22:07 / 06.04.2025
O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Xitoy bilan o‘yinda kambek qildi

09:37 / 04.04.2025
Osiyo Kubogi U-17. O‘zbekiston turnirni yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi

12:49 / 14.02.2025
Chempionlar vatanga qaytishdi

15:20 / 12.02.2025