3,6 mlrd dollarlik oltin sotuvi va 9 barobardan ko‘proqqa qisqargan gaz importi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston 94 mln dollarlik gaz eksport qilib, 38 mln dollarlik importni amalga oshirdi. Gaz sotish 2,5 barobarga oshgan bo‘lsa, sotib olish 9,3 barobargacha kamaygan. Shuningdek, hisobot davrida 3,57 mlrd dollarlik oltin sotildi. Buning natijasida tashqi savdodagi salbiy saldo 1,08 mlrd dollargacha qisqargan.

Foto: Getty Images
2025 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 17,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 371 mln dollarga yoki 8,6 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 8,1 mlrd dollar (+24,4 foiz), import hajmi esa 9,2 mlrd dollar (-2,3 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 1,08 mlrd dollargacha qisqargan.
Birinchi chorakda tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17,5 foiz), Rossiya (14,9) Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,5 foiz) va Janubiy Koreya (2,4 foiz) bilan qayd etilgan.
Eksport
Hisobot davrida 3 mlrd 570 mln dollarlik oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 44 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (5,8 foiz), kimyoviy vositalar (5,2 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (3,5 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (10,9 foiz), XXR (5,6 foiz), Afg‘oniston (3,9 foiz), Qozog‘iston (3,8 foiz), Turkiya (3,1 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (1,8 foiz), Tojikiston (1,3 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,2 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 35,4 foizni tashkil etadi.
Mamlakat ichida gaz tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotganiga qaramay eksport oshishda davom etyapti. Birinchi chorakda 94 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga ko‘p. Bundan tashqari, 109 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-15,7 foiz), 49 mln dollarlik elektr toki (+12,6 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.
Hisobot davrida qariyb 77 mln dollarlik avtomobil sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 21,2 foizga kam. Shuningdek, 629 dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (35,1 foiz), sanoat tovarlari (16,2 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (13,1 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:
- Xitoy – 27,9 foiz;
- Rossiya – 18,4 foiz;
- Qozog‘iston – 7,8 foiz;
- Janubiy Koreya – 4,4 foiz;
- Turkiya – 3,9 foiz;
- Germaniya – 3,4 foiz;
- Hindiston – 2,7 foiz.
E’tiborga molik jihati, gaz importi keskin qisqargan. Birinchi chorakda 38 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning atigi 11,7 foizini tashkil etadi. Shuningdek, avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar-mart oylari davomida 671 mln dollarlik (-30,7 foiz) mashina import qilingan.
Mavzuga oid

22:43 / 23.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?

19:56 / 22.04.2025
“Narxlar ancha arzonroq” - Qozog‘istondan qaytayotgan o‘zbeklar o‘zi bilan nimalar olib kiryapti?

17:10 / 21.04.2025
Jismoniy shaxslarning xorijdan tovar olib kirishiga cheklovlar kuchaytirilganiga izoh berildi

01:17 / 21.12.2018