O‘zbekiston | 07:35
4715
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning ko‘p asrlik 9 tup daraxti maxsus xalqaro ro‘yxatga kiritildi

Yoshi 100 yildan ming yilgacha bo‘lgan bir necha daraxt Monumental Trees ro‘yxatidan joy oldi.

O‘zbekistonning noyob va ko‘p asrlik 9 tup daraxti Monumental Trees xalqaro ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.

Ular: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Chimboy tumanidagi yoshi 100 yildan oshgan qayrag‘och daraxtlari (jami 5 ta), Jizzax viloyati, Jizzax shahridagi yoshi 200 yildan oshgan tut daraxti, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi 250-300 yoshli tut daraxti, Narpay tumanidagi 450 yillik hamda Payariq tumanidagi 1000 yoshdan oshgan chinor daraxti.

Ma’lumot uchun, avvalroq Jizzax viloyati, Forish tumanidagi sharq biotasi daraxti (yoshi 1500 yil), Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1160 yil), Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi archa (yoshi 1000 yil), yong‘oq (yoshi 800 yil) hamda chinor daraxtlari (yoshi 600 yil), Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Sayrob qishlog‘idagi chinor daraxti (yoshi 900 yil), Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 700 yil) va Jizzax viloyati, Zomin milliy tabiat bog‘i hududidagi boboyong‘oq daraxti (yoshi 700 yil) Monumental Trees ro‘yxatiga kiritilgandi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida mazkur xalqaro ro‘yxatga o‘z tabiiy meros obektlarini kiritgan birinchi va MDH davlatlari orasida uchinchi davlatga aylandi (Rossiya va Ozarbayjondan so‘ng).

Monumental Trees — dunyo bo‘ylab yirik va qadimiy daraxtlar haqida ma’lumot to‘playdigan hamda ularni hujjatlashtiradigan jamoaviy loyiha. U foydalanuvchilarga turli daraxt turlari haqida fotosuratlar, o‘lchamlar (balandlik va diametr), joylashuv koordinatalari va boshqa tafsilotlarni taqdim etadi.

Mavzuga oid