Jahon | 17:55
1378
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQShning ayrim tovarlariga nisbatan yuqori bojlarni bekor qilmoqda - OAV

Xususan, ayrim turdagi mikrosxema va chiplar, tibbiy uskunalar hamda sanoat uchun mo‘ljallangan kimyoviy moddalarga nisbatan tariflar bekor qilingan.

Foto: Reuters

Xitoy ayrim AQSh tovarlariga nisbatan qo‘llangan 125 foizlik javob bojlarini bekor qildi. Bu haqda Reuters agentligi va CNN telekanali xabar bermoqda.

Bundan tashqari, hukumat mahalliy kompaniyalardan o‘z bizneslari nuqtai nazaridan kelib chiqib, vaqtincha bo‘lsa-da, yuqori bojlar ostidan chiqarish maqsadga muvofiq hisoblangan AQSh tovarlari ro‘yxatini tuzishni so‘ragan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim turdagi integral mikrosxema va chiplar, tibbiy uskunalar hamda etan kabi sanoat uchun mo‘ljallangan kimyoviy moddalarga nisbatan tariflar bekor qilingan.

Shu bilan birga, samolyotlar lizingiga nisbatan joriy etilgan bojlarni bekor qilish masalasi ham muhokama etilyapti — bu Xitoy aviakompaniyalari uchun foydali.

«Bu savdo urushi keskinligini yumshatishga qaratilgan navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin», — deydi Maybank Securites investitsiya kompaniyasi tahlilchisi Kok Xun Von.

12 aprel kuni AQSh Xitoy tovarlariga nisbatan bojlarni 84 foizdan 125 foizga qadar ko‘tardi. Mavjud 20 foizli tariflar bilan qo‘shib hisoblaganda bojlarning umumiy qiymati 145 foizga yetdi. Bunga javoban Xitoy Amerika tovarlariga 125 foizgacha boj joriy etdi. 16 aprel kuni esa Vashington Pekinga nisbatan ayni paytda 145 foiz darajasida belgilangan bojlarni 245 foizgacha oshirishini ma’lum qildi. Bir necha kun oldin esa AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Xitoydan import qilinadigan tovarlarga bojlarni pasaytirishini aytdi, ammo boj stavkasi har qanday holatda ham nolga teng bo‘lmaydi.

Mavzuga oid