Dafn marosimi va urush
26 aprel kuni Vatikanda Rim papasi Fransisk bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Unga butun dunyodan davlat rahbarlari, siyosatchilar taklif qilindi. Xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa liderlari. 28 fevral kuni Vashingtondagi Oval kabinetda urishib qolgan Tramp va Zelenskiy o‘shandan keyin ilk marta uchrashishdi.
Erkakcha uchrashuv
Tramp va Zelenskiyning oxirgi uchrashuvini eslasangiz kerak. Fevralning oxirgi kunida Oq uyga nodir metallar bo‘yicha kelishuvni imzolagani borgan Zelenskiy Tramp bilan uchrashuvning OAV uchun ochiq qismida AQSh prezidenti va vitse-prezident Vens bilan ochiqchasiga janjallashib qolgandi. Janjalga sal avval Amerika prezident pulidagi jurnalist Zelenskiydan nega kostyum kiymagansiz, deb so‘ragani yaxshigina moy sepgandi. Keyinchalik Jyey Di Vens Zelenskiydan rahmat deyishni talab qilgan, yana boshqa iddaolar yangragan, xullas jyentelmenlarga xos bo‘lmagan g‘alati uchrashuv bo‘lgandi.
Vatikanda esa jaydari, haqiqiy erkakcha uchrashuv bo‘ldi. Hozircha unda nimalar deyilganini ikki tomon ham oshkor qilgani yo‘q, biroq uning qanday o‘tgani haqida suratlarning o‘zi ko‘p narsadan darak beradi. Zelensiy va Tramp uchrashuv uchun biror kabinet ham qidirib o‘tirishmadi: shundoq ikkita stulni olib ibodatxona o‘rtasiga to‘g‘rima-to‘g‘ri qo‘yishdi-da bo‘ladigan gaplarni gaplashishdi.
O‘rtada hech qanday tarjimon ham yo‘q edi, axir Zelenskiy inglizchani yaxshi biladi. Eng asosiysi bu uchrashuvda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens qatnashmadi, hech kim Zelenskiydan nega Stalinnikiga o‘xshash pidjak kiyib olganini ham so‘ramadi. Darvoqe, urush boshlanganidan keyin Ukraina prezidenti ilk marta harbiy kiyimsiz ko‘rinish berdi.
«Samarali muloqot»
Uchrashuv haqida ilk marta Oq uy xabar berdi. Vashington Tramp va Zelenskiy samarali muloqot o‘tgazganini ma’lum qildi. Zelenskiy ham o‘z sahifasida uchrashuv yaxshi o‘tganini aytib ikki enlik post yozdi. Darvoqe, Ukraina prezidenti posti oxirida Trampga rahmat aytishni unutmadi. Jyey Di Vens bunga e’tibor qilgan bo‘lsa kerak.
Keyinchalik Zelenskiy bog‘ga o‘xshagan joyda Fransiya prezidenti Makron bilan uchrashdi. Biroq bu gal uchrashuv chiroyli stol atrofida o‘tkazildi, ikki prezident oldiga suv ham qo‘yishdi. Makron fransuz axir. Keyin Zelenskiy ser Kir Starmer bilan uchrashdi, kun davomida Ursula fon der Lyayyen xonim bilan uchrashuv ham rejalangan.
Xulosa
Vashington samarali muloqot deb ta’riflaganiga qaraganda bu gal Tramp va Zelenskiy janjallashib ketmagan. Bilasizmi, gap bu yerda Tramp va Zelenskiy nimalarni gaplashganida ham emas, uchrashuv formatida. Oylab tayyorgarlik ko‘riladigan, hamma narsaning hisobi olingan, butun boshli delegatsiyalar ishtirok etadigan diplomatik muloqotlarda hech narsa kelishilmasligi, oshib borsa ikki enlik memorandum imzolanishi mumkin.
Lekin mana bunday oddiy, hashamatsiz, shunchaki ikki stulga o‘tirib gaplashilgan muloqotlarda ko‘p narsaga kelishilishi mumkin. Chunki ikki tomon ham shunday atmosferada bir-birini yaxshiroq tushunadi, kamera uchun chiroyli gapirishga urinmaydi, dangalini gapiradi. Umid qilamiz, bu uchrashuv chindan urushni tugatish uchun burilish nuqtasi bo‘ladi va yillar o‘tib uni tarixiy uchrashuv bo‘lgandi, deb eslaymiz. Kim bilsin, oxirgi nafasigacha insoniyatni urushlarni to‘xtatishga chaqirgan Rim papasi Fransiskning dafn marosimi chindan tarixiy uchrashuvga sabab bo‘lgandir...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

11:31 / 26.04.2025
Tramp o‘tgan juma Rossiya-Ukraina muzokaralari uchun yaxshi kun bo‘lganini aytdi

09:46 / 26.04.2025
“Donald Tramp O‘zbekistonga taklif qilindi. Prezident mintaqaga kelishi uchun hozir eng to‘g‘ri vaqt” – AQSh elchisi

07:53 / 26.04.2025
Tramp tariflarga moratoriy uzaytirilishi ehtimoli kamligini aytdi

19:46 / 25.04.2025