O‘zbekiston | 15:59
4212
3 daqiqa o‘qiladi

“Namanganda avtomobillarni ijaraga beruvchi guruhlarning 90 foiz a’zosi o‘quvchilar” - viloyat YHXB boshlig‘i

Namangan viloyati YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyevga ko‘ra, avtomobiliga shikast yetkazgani uchun bolalar va ularning ota-onalari bo‘yniga 10-20 mln so‘m qarz ilib qo‘yilgan holatlar bor. “Agar o‘zi mashinasini boshqarib ko‘chaga chiqsa, kuniga 200-300 ming so‘m topishi mumkin. Ijaraga berib yuborsa, soatiga shu pulni topyapti”, deydi podpolkovnik.

Namangan viloyati YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyev avtomobillarni ijaraga beruvchi Telegram guruh va kanallarining aksariyat a’zolari maktab o‘quvchilaridan iboratligini ma’lum qildi Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.

“Bot-bot tilga olinayotgan ‘Namangan yezda’ kanali auditoriyasini tahlil qildik. 3200 nafar a’zosidan bor-yo‘g‘i 150 nafarga yaqini avtomobillarni ijaraga beruvchilar, qolgan 90 foizi voyaga yetmaganlar, asosan, maktab o‘quvchilari”, degan viloyat YHXB boshlig‘i.

Mansur Gaziyevga ko‘ra, avtomobillarni ijaraga beruvchilar bilan birma-bir muloqot qilinib, voyaga yetmaganlarga mashinalarni berib yuborishning yomon oqibatlari haqida ogohlantirilmoqda.

“Suhbat jarayonlaridan ma’lum bo‘lyaptiki, bunday shaxslarning ko‘pchiligi o‘zi avtomobilini ijaraga olgan yoki kredit to‘layotganlar. Agar o‘zi mashinasini boshqarib, ko‘chaga chiqsa, kuniga 200-300 ming so‘m topishi mumkin. Ijaraga berib yuborsa, soatiga shu pulni topyapti. Ammo avtomobilni olgan bolalar nobud bo‘layotgani yoki nogiron bo‘lib qolayotgani haqida o‘ylashmayapti. Avtomobiliga shikast yetkazgani uchun bolalar va ularning ota-onalari bo‘yniga 10-20 million so‘m qarz ilib qo‘yilgan holatlar bor”, degan Mansur Gaziyev.

Ta’kidlanishicha, avtomobilini voyaga yetmaganlarga ijaraga berayotgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar berilgan. Bu borada deputatlar, jamoatchilik faollari va OAV vakillari bilan hamkorlikda ishlanmoqda.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi transport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning oqibatida kelib chiqayotgan og‘ir holatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga deputat so‘rovi yuborgandi. Fraksiya a’zosi Dilmurod Ismoilov tomonidan yuborilgan so‘rovda ayrim “tadbirkorlar” inson hayoti va sog‘lig‘idan o‘z manfaatlarini ustun qo‘yib, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tayotganiga e’tibor qaratilgan.

Kun.uz oldinroq Namanganda mashinasini ijaraga berish “biznes” darajasiga chiqayotgani, bunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlarga nisbatan jiddiy chora ko‘rilmayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid