Jahon | 22:31 / 28.04.2025
1158
2 daqiqa o‘qiladi

BRICS yangi valuta yaratishni rejalashtirmayapti

Assotsiatsiya faqat o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valutalardan foydalanishni muhokama qilmoqda.

Foto: Getty images

BRICS davlatlari hozirgilar o‘rniga yangi valuta yaratishni rejalashtirmayapti, dedi Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra.

Uning aniqlik kiritishicha, assotsiatsiya faqat o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valutalardan foydalanishni muhokama qilmoqda.

«Platformalardan biri mahalliy valutalarda savdo qilmoqda, biroq valutalarni almashtirish yoki yangisini yaratish loyihasi yo‘q, faqat arzonroq tranzaksiyalarga qiziqish bor», dedi Viyeyra.

28 aprel kuni Rio-de-Janeyroda BRICS tashqi ishlar vazirlari sammiti boshlandi. Viyeyraning aytishicha, assotsiatsiya 2026 yilda Hindiston raisligi ostidagi ushbu uchrashuvlarning aniq natijalarini taqdim etadi.

2023 yilda Rossiya TIV kelajakda BRICS mamlakatlari uchun yagona valuta yaratilishini istisno qilmadi. 2024 yil oktabr oyida prezident Vladimir Putin bu masalani muhokama qilish erta ekanligini aytdi. 2025 yil yanvarida Kreml BRICS mamlakatlari umumiy valuta yaratish masalasini muhokama qilmayotganiga aniqlik kiritdi.

Keyinchalik AQSh prezidenti Donald Tramp BRICS davlatlariga yangi valuta yaratish va dollardan voz kechishga urinishlari uchun 100 foizlik boj bilan tahdid qildi.

BRICS (Brazil, Russia, India, China, South Africa davlatlari nomining bosh harflaridan tuzilgan qisqartma) 2006 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, keyinchalik unga Janubiy Afrika qo‘shilgan. 2024 yil 2 yanvar kuni unga Misr, Eron, BAA va Efiopiya qabul qilindi.

2023 yilda Yohannesburgda bo‘lib o‘tgan BRICS sammitida yagona valuta yaratish masalasi muhokama qilindi. Muhokama ishtirokchilari ushbu valutaning maqsadini savdo va loyihalarni moliyalashtirishni soddalashtirish, shuningdek, xalqaro hisob-kitoblarda dollar va yevroga qaramlikni kamaytirish deb atagan.

Mavzuga oid