O‘zbekiston | 12:46
2918
4 daqiqa o‘qiladi

Jarima ballarini hisoblash 1 maydan boshlanmaydi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘ra, jarima ballarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi hukumat qarori hamon “ishlab chiqilmoqda”. Hujjat qabul qilingach, jarima ballarini hisoblanishning aniq muddati belgilanadi.

Foto: Envato

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 1 maydan haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi haqidagi xabarni rad etdi.

«Jarima ballari 1 may kunidan boshlab kuchga kirmaydi. Jarima ballarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat belgilangan tartibda ishlab chiqilmoqda.

Shu bois, tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganidan so‘ng, yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun beriladigan jarima ballarining hisoblanish muddati va tartibi aniq belgilanadi», deyiladi YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning bayonotida.

2025 yil 20 fevralda imzolangan qonunga muvofiq, yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblab borilishi belgilangan. Qonunda bu mexanizmning aniq tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilashi yozilgan.

20 mart kuni Ichki ishlar vazirligi hukumatning tegishli qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Jarima ballari «E-jarimaball» moduli orqali, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.

Loyihaga ko‘ra, qoidabuzarliklar uchun quyidagicha jarima ballari bo‘lishi belgilangan:

  • haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi – 0,5 ball;
  • foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish – 1 ball;
  • ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish – 0,5 ball;
  • – xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa – 1 ball;
  • tovush signalini sababsiz berish, uni ishlab chiqaruvchi nazarda tutmagan signal va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish – 0,5 ball;
  • belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 0,5 ball;
  • belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan ko‘p, 40 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 1 ball;
  • belgilangan harakat tezligini 40 km/soatdan ko‘p, 60 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 1,5 ball;
  • belgilangan harakat tezligini 60 km/soatdan ko‘p, 80 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish - 2 ball;
  • svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan o‘tish – 1 ball;
  • haydovchining yo‘lning qarama-qarshi tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lsa – 2 ball;
  • tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga xalaqit berish – 0,5
  • transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi – 0,3 ball;
  • transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish – 0,5 ball;
  • avtobus va mikroavtobuslarda ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish, agar ularning hamrohligida odam tashish shart bo‘lsa – 0,5 ball;
  • transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzish – 1,5 ball;
  • transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi – 2 ball;
  • transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi – 1 ball;
  • yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish – 2 ball.

Mavzuga oid