Putin KXDR harbiylari Kursk janglarida qatnashgani uchun Kim Chen Inga minnatdorchilik bildirdi
Rossiya prezidenti «koreyalik harbiylarning yuqori darajadagi maxsus tayyorgarligi va fidoyiligini» ta’kidlab, janglarda «jonlarini fido qilgan KXDR qahramonlari doim xotirlanishini» aytdi.

Foto: mil.ru
Vladimir Putin Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiya—Ukraina urushidagi ishtiroki uchun Koreya xalq armiyasi bo‘linmasi va KXDR yetakchisi Kim Chen Inga minnatdorchilik bildirdi.
28 aprel kuni Kreml saytida e’lon qilingan bayonotda Putin Shimoliy Koreya qo‘shinlari «Kursk oblastiga bostirib kirgan ukrain jangarilar guruhini tor-mor etishda» faol ishtirok etganini ma’lum qildi. RF prezidenti so‘zlariga ko‘ra, KXDR qo‘shinlari «Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, xalqaro huquqqa to‘liq mos keladi».
«Koreyalik do‘stlar birdamlik, adolat va chinakam do‘stlik tuyg‘ularidan kelib chiqqan holda harakat qildi. Buni yuksak qadrlaymiz va KXDR xalqiga, oliy rahbariyatiga va davlat ishlari qo‘mitasi raisi, hurmatli Kim Chen Inga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz», — deydi Putin.
Rossiya prezidenti «koreyalik jangchilarning yuqori darajadagi maxsus tayyorgarligi va fidoyiligini» ta’kidladi. «Ular o‘z burchlarini sharaf va jasorat bilan bajarib, mangu shon-sharafga burkandi», — deya qayd etadi Putin.
«Rossiya xalqi koreyalik maxsus kuchlar jangchilarining qahramonligini hech qachon unutmaydi. Rossiyalik quroldosh birodarlarimiz qatori Rossiya va umumiy erkinlik uchun jonlarini fido qilgan koreyalik qahramonlarni ham doim xotirlaymiz», — deyiladi bayonotda.
RF Qurolli kuchlari Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov 26 aprel kuni rossiyalik harbiylar Kursk oblastida Ukraina Qurolli kuchlari harbiylarini tor-mor etgani to‘g‘risida Putinga hisobot berdi. Gerasimov janglarda ishtirok etgan Shimoliy Koreya harbiylariga alohida minnatdorchilik bildirdi. KXDR ham o‘z navbatida mamlakat qo‘shinlari Rossiya tomonida turib jang qilayotganini tasdiqladi.
Mavzuga oid

16:41
Putin 9 may kuni Ukrainada o‘t ochish to‘xtatilishini e’lon qildi

22:36 / 27.04.2025
Tramp Kim Chen In bilan uchrashuvga tayyorlanmoqda - Axios

18:17 / 27.04.2025
Rossiya dengiz piyodalari va Z-blogerlar Kursk oblastida hamon ukrain harbiylari borligini xabar qildi

10:16 / 27.04.2025