Jahon | 13:41
2381
2 daqiqa o‘qiladi

Shmixal: AQSh va Kiyev avvalgi yordam uchun qarz masalasini hal qildi

Ukraina bosh vazirining ta’kidlashicha, AQShning allaqachon taqdim etilgan yordami resurslar bo‘yicha kelishuvda hisobga olinmaydi.

Foto: Telegram / Denys_Smyhal

Kiyev va Vashington AQShning Ukrainaga ko‘rsatgan yordamini ikki davlat imzolaydigan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvga kiritmaslikka kelishib oldi. Bu haqda 27 aprel, yakshanba kuni Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda AQSh moliya vaziri Skott Bessent bilan muzokaralari chog‘ida AQSh da’volari bo‘yicha aniq kelishuvga erishilgan. Rasmiylarning uchrashuvlari Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) yillik konferensiyasi bo‘lgan bahorgi uchrashuvlar doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Asosiysi, biz qizil chiziqlarimizni aniq belgilab oldik, kelishuv Yevropa majburiyatlariga mos kelishi va Ukraina Konstitutsiyasi va qonunchiligiga zid bo‘lmasligi kerak», — deya izoh berdi Ukraina bosh vaziri vaziyatga. Hujjat imzolanishidan oldin ko‘rsatilgan yordam hisobga olinmasligi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, «yuridik guruhlar» hali ham hujjat matni ustida ishlamoqda va kelishuv kelajakda Oliy rada tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Amerika tomoni hozirgi vaziyatga izoh bermadi.

Mavzuga oid