O‘zbekiston | 17:32
2014
2 daqiqa o‘qiladi

Sariosiyo aeroporti birinchi texnik reysni qabul qildi

Ta’kidlanishicha, bu aerodromning havo kemalarini qabul qilish va uchirishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatdi.

Foto: Uzbekistan Airports

Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo mahalliy aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Aeroport 29 aprel kuni Silk Avia aviakompaniyasining ATR-72 samolyotida amalga oshirilgan birinchi texnik parvozni qabul qildi.

Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, aerodromning sun’iy sirtqi qismi kapital ta’mirlandi, ikkita ATR-72 samolyoti uchun to‘xtash joylari mavjud perron asfalt-beton bilan mustahkamlandi.

«Sariosiyo aeroporti aerodrom majmuasi uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddatli faoliyati (1976 yildan), shuningdek, zarur darajadagi parvozlar xavfsizligini ta’minlash hamda ATR-72 rusumli va quyi toifadagi havo kemalarini qabul qilish va uchirish maqsadida kapital ta’mirlashni talab qilar edi. Bugun aeroportga texnik reys amalga oshirildi, bu aerodromning havo kemalarini qabul qilish va uchirishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatdi», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 100 yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilishi ham nihoyasiga yetmoqda. Barcha ishlar yakunlangach, bir oy ichida Sariosiyo aeroportiga muntazam reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Sariosiyo so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan beshinchi hududiy aeroport bo‘ldi. Bungacha Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Mavzuga oid