O‘zbekiston | 11:20
1925
4 daqiqa o‘qiladi

«10 yilgacha deport va 26 ming dollar jarima» – Saudiya hukumati noqonuniy Haj uchun jazo choralarini e’lon qildi

Saudiya Arabistoni ichki ishlar vazirligi joriy yilgi mavsum – 29 apreldan 10 iyunga qadar Haj ziyoratiga borish uchun ruxsatnoma tartiblarini buzgan, shuningdek, bunday huquqbuzarliklarga ko‘maklashgan shaxslarga jazo choralarini e’lon qildi.

Foto: Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi

Qirollik ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Haj ziyoratiga borish uchun ruxsatnoma tartiblarini buzganlar uchun jazo choralari joriy yil Haj mavsumida – 29 apreldan 10 iyunga qadar qo‘llanadi. Xususan:

1.    Ruxsatnomasiz Haj ziyoratini ado etayotgan yoki qilmoqchi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, ko‘rsatilgan muddat davomida Makka shahri, muqaddas qadamjolarga kirishga yoki qolishga uringan barcha turdagi ziyorat vizasi egalariga 20 000 Saudiya riyali – taqriban 5,3 ming dollargacha jarima solinadi.

2.    Tashrif vizasi orqali Hajni ruxsatsiz bajarishga uringan yoki Makka va muqaddas joylarga kirgan shaxslar uchun viza olganlarga 100 ming Saudiya riyali – taqriban 26,6 ming dollargacha jarima qo‘llanadi. Bu jarima har bir viza olingan shaxs uchun alohida hisoblanadi.

Shuningdek, ruxsatnomasiz shaxslarni Makka yoki muqaddas joylarga tashiganlar, ularni yashirishga uringanlar, mehmonxonalar, kvartiralar, xususiy uylar yoki Hajga mo‘ljallangan boshqa joylarda joylashtirganlarga ham xuddi shu miqdorda jarima (taqriban 26,6 ming dollargacha) solinadi. Bu ularga yordam ko‘rsatgan yoki yashirgan har bir shaxs uchun alohida-alohida hisoblanadi.

3.    Qonunga xilof ravishda Hajni ado etishga uringan shaxslar, ularning yashash muddati tugagan bo‘lsa yoki noqonuniy ravishda yashayotgan bo‘lsa, o‘z yurtiga deportatsiya qilinadi va 10 yil davomida Saudiya Arabistoniga kirishi taqiqlanadi.

4.    Tashrif vizasiga ega bo‘lgan shaxslarni Makka yoki muqaddas joylarga tashishda foydalanilgan transport vositalari, agar ular tashuvchi yoki yordam bergan shaxslarga tegishli bo‘lsa, sud tomonidan musodara qilinadi.

Avvalroq, Saudiya ichki ishlar vazirligi, Qirollik hududida viza muddati tugagach chiqib ketmagan xorijliklar uchun 50,000 saudiy riyali – 13,3 ming dollargacha jarima, 6 oygacha qamoq va deportatsiya jazolari belgilanganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, qirollik Haj va Umra vazirligi ham tashrif buyuruvchilarni ruxsatnomasiz Haj qilishdan ogohlantirib, har bir ziyoratchi «Nusuk» va «Tasreeh» platformalari orqali ruxsatnoma (permit) olishi zarurligini ta’kidlagan edi.

«Bu chora Allohning mehmonlari xavfsizligi va ularning osoyishta tarzda Haj amalini bajarishlari uchun zarur. Shuningdek, Haj faqat rasmiy Haj vizasi bilan amalga oshirilishi mumkin. Boshqa har qanday viza turi bilan Haj qilish taqiqlangan.

Vazirlik soxta Haj dasturlari, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on reklama bilan tarqatilayotgan qonunsiz xizmatlar haqida ogohlantiradi. Umra vizasi bilan kelgan ziyoratchilar uchun Qirollikni tark etishning oxirgi kuni – 2025 yil 29 aprel etib belgilangan», deyiladi Haj vazirligi bayonotida.

Joriy yil Saudiya Arabistoni 1,8 million bo‘lajak hojilarni kutib olishni reja qilmoqda. O‘tgan 2024 yildagi mavsumda Saudiya Arabistoni rasmiylari Hajda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tmagan 300 mingdan ortiq ziyoratchilarni aniqlagani xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi joriy yil 23 apreldan 9 iyunga qadar o‘ndan ortiq davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish xizmatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi. Bu holat ham aynan – O‘zbekiston va Tojikistondan Umra yoki sayohat uchun borib, ruxsatsiz Haj uchun qolib ketayotgan fuqarolarning ko‘pligi sabab bo‘lgani aytilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilgi Haj mavsumida O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 ming dona kvota ajratilgan. O‘zbekiston Haj ziyorati, hukumat qaroriga ko‘ra, faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid