Jahon | 08:00
1489
2 daqiqa o‘qiladi

Dniproda RF hujumida bir kishi halok bo‘ldi, Xarkivda o‘nlab odamlar jarohatlandi

Rossiyaning Dniproga hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, bir kishi yaralandi, deya xabar bermoqda mahalliy hokimiyat. Xarkivda rus uchuvchisiz uchoqlarining hujumi oqibatida qirqqa yaqin kishi jarohatlandi.

Foto: Telegram / borys_filatovv

30 aprel, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining Dniproga uyushtirgan ommaviy hujumi natijasida kamida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak hamda Dnipro meri Boris Filatovning Telegramʼdagi xabarlarida aytilgan.

Ikkinchisining ta’kidlashicha, Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining shahardagi hujumi chog‘ida bir kishi jarohatlangan, kamida beshta xususiy uy zarar ko‘rgan.

Shu tunda Xarkivga Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining yirik hujumi oqibatida kamida 39 kishi jarohatlangan, deb xabar berdi shahar meri Igor Terexov Telegramʼda. O‘z navbatida, Xarkiv OHM rahbari Oleg Sinegubov jabrlanganlar orasida 16 yoshli o‘g‘il bola, besh yoshli qiz bola va 24 yoshli homilador ayol borligini ma’lum qildi.

Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 23:26 ga kelib, 16 ta zarba qayd etilgan. «Ko‘p qavatli va xususiy uylar, tibbiyot muassasasi va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rgan», — deya ro‘yxatlarni keltirdi mer.

O‘z navbatida, Xarkiv viloyat prokuraturasi Telegramʼda qurolli mojarolarda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Spartak Borisenkoning sharhini e’lon qildi, unda Xarkivning Slobodskoy, Shevchenko, Kiyev, Saltovskiy va Nemishlyanskiy tumanlari hujumga uchragani ko‘rsatilgan.

«Suspilne Xarkiv» Telegram-kanalida Rossiyaning Xarkivga bergan zarbalari oqibatlari aks etgan bir qator fotosuratlar chop etildi. Ularda, jumladan, yonib ketgan mashinalar va oynalari singan ko‘p qavatli binolar ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid