Isroilda o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Qator aholi punktlari evakuatsiya qilindi, asosiy magistral yo‘l yopildi - fotolar
Quddus yaqinida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari sabab Isroilda tahdidning eng yuqori darajasi e’lon qilindi. Mamlakatda poyezdlar qatnovi qisman to‘xtatildi, yong‘inni o‘chirishga yuzdan ochiq brigadalar, shuningdek, samolyot va vertolyotlar jalb etilgan.

Foto: AP
Isroilda 30 aprel kuni boshlangan o‘rmon yong‘inlari tufayli markaziy va janubiy tumanlar aholisi evakuatsiya qilinmoqda. El’ad shahrining sharqiy qismiga tahdid solayotgan yong‘inlar tufayli qisman evakuatsiya amalga oshirildi. Quddus yaqinida esa bir qancha yong‘inlar kuzatilmoqda.
Mamlakatdagi yo‘llarning bir qismi yopildi. Ular orasida Tel-Aviv va Quddusni bog‘lab turuvchi Shosse 1 — Isroilning asosiy avtomagistrali ham bor. O‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar haydovchilarni evakuatsiya qildi. Shuningdek, ayrimlar mashinalarni yo‘l bo‘yiga tashlab, olovdan qochmoqda. Isroil temiryo‘llari Ben-Gurion aeroportidan Quddus va Ashdodga, shuningdek, Quddus va Modi’in o‘rtasidagi poezdlar qatnovini to‘xtatgan.
Isroil milliy tibbiyot xizmati yong‘in oqibatida Quddusning tog‘li hududlaridan kamida 13 kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Ular orasida ikki nafar homilador ayol va ikki chaqaloq ham bor. Jabrlanganlarning asosiy qismi kuygan yoki is gazidan zaharlangan. Yana 10 kishi tez yordam xizmati shifokorlariga murojaat qilgan, biroq ular shifoxonaga yotqizilmagan.
Yong‘inlarni o‘chirishga 119 ta o‘t o‘chirish brigadasi, 10 ta samolyot va vertolyot jalb etilgan. Olovga qarshi kurashda, shuningdek, politsiya, harbiylar va volontyorlar ham ishtirok etmoqda. Isroil hukumati kamida oltita davlat — Gretsiya, Bolgariya, Xorvatiya, Italiya va Kiprdan yordam so‘ragan. Yordam kuchlari 1 may kuni yetib kelishi kutilmoqda. Shuningdek, boshqa davlatlardan ham yordam olish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yong‘in bo‘layotgan hududlarga yo‘l olgan. Butun mamlakat bo‘ylab Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar bekor qilindi.
Quddus yong‘in-qutqaruv xizmati rahbari Shmulik Fridmanning ma’lum qilishicha, bu Isroil tarixidagi eng yirik yong‘inga aylanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mesilat-Tsion hududidan boshlangan yong‘in shamol sabab g‘arbga tarqalgan, keyin esa yo‘nalishini o‘zgartirgan va sharq tomon yoyilishni boshlagan. O‘t o‘chiruvchilar kechasi shamol tezligi soniyasiga 25-28 metrga yetishini kutmoqda. Issiq ob-havo sharoiti ham vaziyatni qiyinlashtiryapti.
«Ayni vaqtda yong‘in nima sababdan kelib chiqqanini bilmaymiz, bizda hech qanday taxmin yo‘q va bu bilan hozir shug‘ullanmayapmiz», — deydi Fridman.
Yong‘inlarning ba’zilari qasddan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. The Jerusalem Post’ning yozishicha, HAMAS’ga aloqador Telegram kanallar Quddus va G‘arbiy Sohilda yong‘inlar uyushtirishga chaqiruvlar tarqatgan. N12 telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, Quddus atrofidagi o‘rmonlarda va Isroilning markaziy hududlarida yong‘in chiqarganlikda gumon qilingan uch kishi qo‘lga olingan.
Politsiya Sharqiy Quddusda yashovchi 50 yoshli erkakni qo‘lga olganini ma’lum qilgan — u yong‘in chiqarganlikda gumon qilinyapti. Uning yonidan zajigalka, paxta va «oson alanganadigan materiallar» topilgan.
Isroilning umumiy xavfsizlik xizmati ShABAK Quddus atrofidagi yong‘inlar bo‘yicha tergovda ishtirok etmoqda va bu yong‘inlarga sabab bo‘lgan shaxslarni aniqlashda politsiyaga yordam beryapti.
Mavzuga oid

22:31 / 30.04.2025
Eronda Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblangan shaxs qatl etildi

14:41 / 30.04.2025
G‘azoda otishmalar ostida tarqatilayotgan taom, AQSh harbiy uchog‘ini qulatgan husiychilar va «kelajak shahri»ni tortolmayotgan Saudiya - kun dayjesti

15:27 / 29.04.2025
Isroilga qarshi sud eshituvi, Hindiston hujumini kutayotgan Pokiston va Ukrainada 9 may otashkesimi - kun dayjesti

10:54 / 29.04.2025