Pokiston tomoni Hindiston 24-36 soat ichida zarba berishni rejalashtirganini aytmoqda

Foto: Getty Images
Pokiston axborot vaziri Attaulloh Tarar Islomobodda Hindiston yaqin 24-36 soat ichida Pokistonga harbiy zarba berishga tayyorlanayotgani haqida «ishonchli ma’lumotlar» borligini aytib chiqdi.
«Bu Pokistonning Pahalgamdagi voqeaga aloqadorligi haqidagi asossiz va soxta ayblovlar bilan bog‘liq», – deya yozgan vazir 30 aprelga o‘tar kechasi.
Tarar Hindiston o‘tgan hafta sayyohlarga hujumdan zarba uchun «yolg‘on bahona» sifatida foydalanmoqchi ekani va «Hindistonning har qanday harbiy avantyurizmiga ishonchli va qat’iy javob berilishi»ni ta’kidlagan.
Garchi avvalgi mojarolarda hech qachon qo‘llanmagan bo‘lsa-da, ikki davlat ham yadro quroliga ega, .
Attaulloh Tararning izohlari Hindiston Pokistonni o‘tgan hafta Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida 26 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan hujum ortida turgan jangarilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblashi ortidan bo‘lmoqda. Hindiston rasmiylari aniq bir guruh nomini aytmagan, Islomobod esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.
Hindiston va Pokiston Kashmir hududini 70 yildan ortiq vaqtdan beri talashib keladi va bu hudud uchun ikki marta keng ko‘lamli urush olib borgan. 20 aprel kuni sayyohlarga o‘t ochilishi ushbu mintaqada tinch aholi orasida qurbonlar soni bo‘yicha so‘nggi 20 yil ichida kuzatilgan eng yirik hujum bo‘ldi.
Ikki davlatning tan olinmagan chegarasida bir haftadan buyon vaqti-vaqti bilan demarkatsiya chizig‘ining ikki tomonida joylashgan harbiylar tomonidan boshlangan otishmalar tinmayapti.
Hindiston Pokiston hududiga zarba berish-bermasligi masalasi ham faol muhokama qilinmoqda, 2016 va 2019 yillarda jangarilarning keng ko‘lamli hujumlaridan keyin shunday yo‘l tutilgandi.
2016 yilda Uri shahrida 19 nafar hind askari o‘ldirilganda, Hindiston Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismidagi jangarilarning taxminiy lagerlariga aniq zarbalar bergandi. 2019 yilda portlovchi moddalar ortilgan avtomobil hind politsiyasi bo‘lgan avtobusni urilib, 40 kishi halok bo‘lganida, Hindiston Balakidagi jangarilar lageriga havo hujumi uyushtirgan, bu Pokiston hududida 1971 yildan beri kuzatilgan ilk shunday zarba bo‘lgandi. Pokiston bunga javoban o‘z havo hujumlarini amalga oshirgandi. Bu esa davomli qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketadi.
O‘tgan hafta mahalliy rasmiylar Kashmirda keng ko‘lamli reyd o‘tkazilgani va 1500 dan ortiq kishi so‘roq qilish uchun hibsga olinganini ma’lum qilgandi. O‘shandan beri yana ko‘plab odamlar hibsga olingan, ularning soniga aniqlik kiritilmagan.
Hindiston hukumati kamida 10 nafar jangarining uylarini buzib tashlagan. Ulardan kamida bittasi hujumda gumon qilinayotgan shaxsga aloqadorligi aytilmoqda.
Islomobod va Nyu Dehli Kashmirning butun hududiga da’vo qiladi, lekin uni faqat qisman boshqaradi. Mazkur hudud ikki mamlakat 1947 yilda mustaqillikka erishganidan beri o‘zaro munosabatlardagi keskinlik o‘chog‘iga aylangan.
Kashmirning Hindiston tomonidan boshqariladigan qismida 1989 yildan beri xavfsizlik kuchlariga ham, tinch aholiga ham hujum qilayotgan qurolli isyonchilar harakat qilmoqda.
Hindiston Pahalgamdagi hujumga aloqadorlikda gumon qilinayotgan birorta guruh nomini e’lon qilmadi va buni kim qilgani hali ham noma’lum. Dastlab hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani aytilgan «Qarshilik fronti» nomli guruh bayonot berib, hujumga aloqadorligini rad etdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, «Qarshilik fronti» Pokistonning «Lashkar-i-Tayba» jangarilar guruhi bilan bog‘liq.
Hindiston politsiyasi hujumda gumon qilingan to‘rt kishidan uch nafarining shaxsini ochiqlagan. Ma’lum qilinishicha, ulardan ikki nafari Pokiston fuqarolari, bir nafari esa Kashmirning Hindiston nazorati ostidagi qismida yashovchi mahalliy fuqaro. To‘rtinchi shaxs haqida ma’lumot yo‘q.
Omon qolganlar jangarilar ataylab hinduiylik diniga e’tiqod qiluvchi erkaklarni nishon qilib tanlaganini aytishgan.
Hujum Hindiston xalqi g‘azabini qo‘zitdi, bosh vazir Narendra Modi esa hukumat aybdorlarni «dunyoning narigi chekkasida» bo‘lsa ham izlab topishi va ular «aqlga sig‘mas jazoga giriftor bo‘lishi»ni aytgan.
Shu bilan birga, tahlilchilar ikkala davlat ham ega bo‘lgan yadro quroli bir vaqtning o‘zida ham tahdid, ham tiyib turuvchi omil hisoblanishini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, hindlarning javob chorasi oldingi yillarda bo‘lgani kabi kichik ko‘lamda va aniq zarbalardan iborat bo‘ladi, shundan keyin tomonlar keskinlikni kamaytirishga harakat qiladi. Biroq, vaziyat nazoratdan chiqib ketib, keng ko‘lamli mojaroga aylanib ketish xavfi ham doimo mavjud.
Mavzuga oid

20:47
Urushlarning o‘zgargan motivi: tashqi tahdid emas, ichki siyosiy maqsadlar

18:16
Hindistondagi mehmonxonada yong‘in yuz berdi. Qurbonlar bor

16:21 / 29.04.2025
Hindiston Kashmirda sayyohlarni o‘qqa tutgan terrorchilarning uylarini yer bilan bitta qildi

15:27 / 29.04.2025