O‘zbekiston | 16:06
3508
3 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Dilfuza Ismoilovani chuv tushirgan ayol ozodlikdan mahrum qilindi

​​​​​​​55 yoshli ayol Dilfuza Ismoilovaga o‘zini sitrus mevalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor sifatida ko‘rsatib, uning 80 ming AQSh dollari mablag‘ini o‘zlashtirgan. Sud uni juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topdi.

Xonanda Dilfuza Ismoilova va boshqalarni chuv tushirgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 29 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 1970 yilda tug‘ilgan M.J.ga (ayol) sud hukmi o‘qilgan. Ish sudya Dilshod Komilov raisligida ko‘rib chiqilgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, M.J. firibgarlik va hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatlarini sodir qilgan. Sud ishida Dilfuza Ismoilovadan tashqari yana 4 kishi jabrlanuvchi sifatida ko‘ratilgan. Sudlanuvchi ularni turli miqdordagi pul mablag‘lariga chuv tushirgan.

Jumladan, Dilfuza Ismoilovaga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 80 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Sudlanuvchi avvaliga xonandaning “gap”iga qo‘shilgan. So‘ngra o‘zini sitrus mevalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor sifatida ko‘rsatib, uning ishonchiga kirgan. U chetdan kelayotgan sitrus mevalarning har bir yuk mashinasidan 25-30 ming dollar foyda olayotganini aytgan. Bunga ishongan Dilfuza Ismoilova “Men ham biznes boshlamoqchi edim, yaxshi reja ekan, pul tikaman”, degan. Ular foydani teng bo‘lishga kelishgan. Shu tariqa xonanda sudlanuvchining tuzog‘iga tushib qolgan.

Sud hukmi bilan M.J. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 6 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar, xususan, Dilfuza Ismoilova foydasiga 80 ming dollar undirilishi belgilangan.

Avvalroq xonanda Dilfuza Ismoilova 80 ming dollarga chuv tushgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid