O‘zbekiston | 12:28
686
4 daqiqa o‘qiladi

Elektron tijoratda kurerlik faoliyatini tartibga solish rejalashtirilyapti

"Elektron tijoratda kurerlik faoliyatini amalga oshirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida"gi hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Foto: Getty Images

Tartib kurerlar va yetkazib berish xizmati operatorlarining jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’yektlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan sotuvchi sifatida tovar va mahsulotlarni elektron tijorat operatorlarining axborot tizimlari (elektron savdo platformalari, buyurtma agregatorlari) orqali rasmiylashtirilgan buyurtmalarini xaridorlarga yetkazib berish faoliyatini tartibga soladi.

Yetkazib berish xizmatiga buyurtma xaridor yoki sotuvchi tomonidan elektron tijorat operatorining axborot tizimi orqali yoki ishtirokchilar o‘rtasidagi shartnomada belgilangan boshqa usul orqali rasmiylashtiriladi. Yetkazib berish xizmati shartlari va parametrlari (muddati, narxi, to‘lov usullari, yetkazib berish hududi) buyurtma rasmiylashtirilayotgan paytda xaridorga ma’lum qilinishi shart.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yetkazib berish xizmatlarini sotuvchilar, yetkazib berish xizmati operatorlari yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridorlar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ko‘rsatish huquqiga ega.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan jismoniy shaxslar yetkazib berish faoliyatini ish beruvchi yoki xizmatlar buyurtmachisi sifatida ishtirok etuvchi sotuvchilar yoki yetkazib berish xizmatlari operatorlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida amalga oshirishlari mumkin.

Yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi ijrochilar, agar sotuvchi yoki elektron tijorat operatori bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, xaridorlardan tovar va/yoki yetkazib berish xizmati uchun to‘lovni (jumladan, naqd pul shaklida) qabul qilish huquqiga egadirlar. Bunda O‘zbekiston qonunchiligi talablariga, jumladan, nazorat-kassa texnikasidan majburiy foydalanish va chek (kvitansiya)ni elektron yoki qog‘oz shaklda taqdim etish talablariga rioya etilishi lozim.

Yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha parametrlar, shartlar va talablar elektron tijorat ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi, biroq ushbu tartib va O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi talablariga zid bo‘lmasligi shart.

Yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi ijrochilar ushbu tartib, O‘zbekistonning amaldagi qonunchilik hujjatlari me’yorlari, texnik reglamentlar, sanitariya qoidalari va me’yorlarini, shuningdek, elektron tijoratning boshqa ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalar shartlarini bajarishga majbur.

Yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatishda O‘zbekiston hududida xaridorlarga tovar realizatsiya qilayotgan tadbirkorlik sub’yektlari va/yoki yetkazib berish xizmati operatorlari, amaldagi qonunchilik hamda tuzilgan shartnomalarga muvofiq belgilangan talablar doirasida xaridorlar va kurerlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi.

Yetkazib berish xizmatlari quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • ishonchlilik: tovarni tashish vaqtida uning butligini, iste’mol xususiyatlari va tovar ko‘rinishi saqlanishini ta’minlash;
  • o‘z vaqtida yetkazish: xaridor bilan kelishilgan muddat va yetkazib berish intervallariga rioya qilish. Kutilgan yoki yuzaga kelgan kechikishlar haqida xaridor o‘z vaqtida xabardor qilinishi shart;
  • xavfsizlik: tovar, xaridor va kurer xavfsizligini ta’minlaydigan barcha me’yor va qoidalarga rioya qilish;
  • axborot berish: xaridorga yetkazib berish holatini kuzatish imkoniyatini (texnikaviy imkoniyat mavjud bo‘lsa) hamda kurer yetib kelishining taxminiy vaqti haqida axborot olish imkonini yaratish.

Mavzuga oid