Jahon | 01:15
2022
3 daqiqa o‘qiladi

NATO razvedkasi: Rossiya armiyasiga har oy 30-40 ming kishi yollanmoqda

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan harbiylarga to‘lanadigan bir martalik bonuslar Rossiya budjeti uchun kuniga qariyb 2 mlrd rublga tushyapti.

Foto: TASS

Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan shaxslarga berilayotgan bonuslar va kuchli harbiy targ‘ibot olib borilishi tufayli RF hukumati urushga askar yollash sur’atlarini sezilarli darajada oshirdi. Bu haqda razvedka ma’lumotlaridan xabardor Amerika va Yevropa amaldorlariga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.

Hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir Rossiya armiyasi har oyda taxminan 30 ming yangi askar jalb qilyapti — bu o‘tgan yozga qaraganda 5 ming kishiga ko‘proq. Yevropa tomoni ma’lumotlarida keltirilishicha, ushbu ko‘rsatkich hatto 40 ming kishigacha yetishi mumkin. Bu esa Kremlga nafaqat Ukrainadagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish, balki Rossiya hududida joylashtirilgan yangi harbiy bo‘linmalarni shakllantirish imkonini ham beradi.

Germaniyadagi Xalqaro xavfsizlik masalalari institutining ilmiy xodimi Yanis Klyuge Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga asoslanib amalga oshirgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan harbiylarga to‘lanadigan bir martalik bonuslar Rossiya budjeti uchun kuniga qariyb 2 milliard rublga tushmoqda. 

Ushbu xarajatlarning taxminan 75 foizini (1,5 mlrd rubl) mintaqaviy hokimiyatlar to‘layapti — ular o‘z budjetlarining deyarli 3 foizini Moskva tomonidan belgilangan reja asosida yangi harbiylarni yollashga sarflamoqda. Qolgan yarim milliard rubl esa federal budjetdan moliyalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, «yollov mashinasi» xarajatlari 2024 yil apreliga nisbatan deyarli 5 baravar oshgan. Agar hozirgi sur’at saqlansa, yil oxiriga kelib ushbu xarajatlar Rossiya budjetiga 730 milliard rublga tushadi. Bu esa mamlakatdagi butun oliy ta’lim tizimi yillik budjetining yarmiga (1,5 trillion rubl) teng va 2025 yil uchun sog‘liqni saqlash milliy loyihasiga ajratilgan mablag‘dan (369 milliard rubl) ikki baravar ko‘p.

O‘tgan yili Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina urushiga 440 ming — kuniga o‘rtacha 1,2 ming kishini yollashga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng shartnoma uchun to‘lanadigan bonuslar yana oshirilgan va ayrim hududlarda bu summa 20 ming dollargacha yetgan. Bu esa aksariyat rossiyaliklarning yillik daromadidan ham ko‘p.

Amerikalik Urushni o‘rganish institutining (ISW) Rossiya bo‘yicha yetakchi eksperti Jorj Barrosning fikricha, hozirgi yo‘qotish darajasi hisobga olingan taqdirda ham Kreml yana 12–16 oy davomida armiyani ushlab tura oladi.

Mavzuga oid