Jamiyat | 18:00
1079
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun ijtimoiy taksi xizmati yo‘lga qo‘yildi

Toshkent, Samarqand va Andijon shaharlarida maxsus maktablar hamda internat maktablarda tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan bolalar uchun imtiyozli taksi xizmati joriy etildi. Mazkur pilot loyiha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan Yandex Uzbekistan hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Foto: Yandex Uzbekistan

Loyiha doirasida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar taksi orqali o‘quv muassasasiga xavfsiz va qulay tarzda qatnashlari mumkin bo‘ladi. Transport xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi — har bir bola uchun oyiga 1,2 barobar miqdoridagi asosiy hisob-kitob ko‘rsatkichgacha (450 ming so‘m) kompensatsiya ajratiladi. Imtiyoz shartiga qarab, yo‘l haqining 60 yoki 100 foizi qoplanishi mumkin.

«Biz har bir bolaning jismoniy salomatligi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ta’lim va ijtimoiy hayotga teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun shart-sharoitlar yaratishni izchil davom ettirmoqdamiz. Ushbu loyiha — faqatgina harakatlanish masalasini hal etish emas. Bu oilalarni qo‘llab-quvvatlash, turmush sifatini oshirish va nogironligi bor bolalarning ta’lim jarayoni hamda jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirdir», — deyiladi Milliy ijtimoiy himoya agentligi axborotida.

Buyurtmalar Yandex Go mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi va ular «Komfort» tarifida bajariladi. Taksi chaqirishda maxsus imkoniyatlar mavjud — masalan, «Men nogironlar aravachasida bo‘laman» yoki «Mashinani topishda yordam kerak» kabi. Bunday holatlarda haydovchiga maxsus xabar yuboriladi va u yordamga tayyor bo‘ladi.

Yandex Go ushbu yo‘nalishdagi buyurtmalardan daromad topmaydi: davlat tomonidan to‘lanadigan barcha mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri haydovchilarga beriladi, kompaniya bunday xizmatlar uchun komissiya olmaydi.

“Biz texnologiyalar yordamida insonlar muammosini hal qiladigan yoki yangi imkoniyat yaratadigan mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqamiz. Shahar infratuzilmasini yaxshilash va uni hamma uchun ochiq qilishga qo‘shgan hissamiz — biz uchun juda muhim qadriyatdir”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.

Loyihada mustaqil harakatlanishda qiynaladigan bolalar — ko‘rish imkoniyati cheklangan, tayanch-harakat tizimi kasalliklari yoki og‘ir aqliy nuqsonlarga ega bolalar ishtirok etishi mumkin. Imtiyoz taqdim etishning batafsil shartlari 2025 yil 28 fevraldagi 132-sonli «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida»gi qarorda belgilangan.

Sifat nazorati va tezkor fikr almashishni Milliy agentlik huzuridagi «Axborot texnologiyalari markazi» davlat muassasasi qoshidagi koll-markaz amalga oshiradi. Dastur ishtirokchilari ro‘yxati «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali shakllantiriladi. Unda o‘quvchilar va ularning qonuniy vakillari haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.

Ushbu dastur — har bir bola maktabga xavfsiz va qulay yetib borishi mumkin bo‘lgan, barcha uchun mos shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan muhim qadamdir.

Mavzuga oid