Jahon | 17:33
3959
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiya bilan urushni tugatish uchun 22 ta shartga rozi – Kellog

AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog so‘zlariga ko‘ra, Ukraina frontdagi mavjud vaziyatga muvofiq hududlardan voz kechishga rozi bo‘lgan, ammo «de-yure emas, balki de-fakto».

Foto: AP

23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Vashington va Kiyev Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilishning 22 ta aniq sharti bo‘yicha kelishuvga erishdi, dedi AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Fox News telekanaliga.

«Biz ukrainaliklar bilan ochiq va qiyin munozaralarda 22 ta o‘ta aniq shartlarni taklif qildik va biz juda kuchli pozitsiyada ekanligimizga ishonamiz», dedi Kellog. Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlarning barcha shartlari Ukraina tomoniga ma’qul kelmagan, biroq «bu har qanday muzokaralardagi normal holat».

Kellog 22 ta shart nimadan iborat ekaniga aniqlik kiritmadi, biroq, Ukraina frontdagi mavjud vaziyatga muvofiq hududlardan voz kechishga rozi bo‘lganini aytdi. Ammo «de-yure emas, balki de-fakto».

«Ukrainaliklar ruslar bosib olgan hududlarni de-yure, ya’ni abadiy emas, balki de-fakto berishga tayyor, chunki ruslar bu yerlarni haqiqatda bosib olgan. Ular bunga rozi bo‘ldi. Va bu haqda menga o‘tgan haftada aytishdi», dedi maxsus vakil. «Ular sulh o‘rnatilganda, har bir tomon o‘zi egallab turgan pozitsiyalarda qolishini tushunishadi. Aynan shu narsaga tayyor».

O‘z navbatida, Kellog so‘zlariga ko‘ra Kiyev «tinchlik kelishuviga olib keladigan keng qamrovli va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni xohlaydi». Maxsus vakilning qo‘shimcha qilishicha, AQSh prezidenti ham shunga intilmoqda.

«Biz bir tomonni ko‘ndirdik, endi bizga boshqa tomon kerak. Va menimcha, biz bunga yaqinmiz», deb qo‘shimcha qildi Trampning maxsus vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, «endi hamma narsa ruslarga, Putinga bog‘liq».

Vashington urushni tugatish uchun bir necha oydan beri Moskva va Kiyev bilan alohida muzokaralar olib bormoqda. Dastlab, AQSh kamida 30 kun davomida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga harakat qildi. Ukraina taklifni qabul qildi, Rossiya amalda rad etdi.

O‘t ochishni to‘xtatishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Qo‘shma Shtatlar tinchlik shartnomasini ilgari surishga o‘tdi. Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari Londondagi muzokaralardan so‘ng javob takliflari bilan chiqishdi.

Mavzuga oid