Fan-texnika | 00:20
717
2 daqiqa o‘qiladi

NASA’ning ikki ayol astronavti XKS bortidan ochiq kosmosga chiqdi

Ular 6,5 soat davomida Xalqaro kosmik stansiyada tashqi montaj ishlarini amalga oshirdi.

Foto: NASA

Amerikalik astronavtlar Enn Makkleyn va Nikol Ayyers 1 may kuni Xalqaro kosmik stansiya (XKS) bortidan ochiq kosmosga chiqib, tashqi montaj ishlarini amalga oshirdi.

Ayol astronavtlar XKSning Quest shlyuz kamerasidan kosmik vakuumga chiqqan va ular qariyb olti yarim soat davomida ochiq kosmosda bo‘lgan.

Qayd etilishicha, bu 1998 yil oxirlarida foydalanishga topshirilgan XKS bortidan ekipajning hisob bo‘yicha 275 marta ochiq kosmosga chiqish hisoblanadi. 

Astronavtlar kosmik stansiyaning aloqa antennasini boshqa joyga ko‘chirishi va shu yil oxirida SpaceX’ning Cargo Dragon yuk kemasi orqali stansiyaga yetkaziladigan qo‘shimcha kuchli IROSA quyosh batareyalari uchun montaj kronshteynlarini o‘rnatishi kerak.

IROSA’ning eng birinchi quyosh panellari 2021 yil iyun oyida ochiq kosmosga chiqqan uch nafar astronavt tomonidan o‘rnatilgan edi. Ikkinchi va uchinchi juftliklar esa 2022-2023 yillar davomida o‘rnatilgan.

Sakkizta quyosh paneli stansiya funksionalligini ta’minlashda kerak bo‘ladigan elektr energiyasini 30 foizga ko‘proq generatsiya qilish imkonini beradi. Ular eski panellar yoniga o‘rnatiladi. Natijada, stansiya energotizimi quvvati 160 dan 215 kilovattagacha oshadi.

NASA’ga ko‘ra, XKSdagi eski sakkizta quyosh paneli ham hozircha yaxshi ishlamoqda, ammo ularning xizmat ko‘rsatish muddati 15 yilga mo‘ljallangan. Bu turdagi panellarning birinchisi stansiyaga 20 yildan oshiqroq vaqt oldin o‘rnatilgan edi.

Mavzuga oid