Jahon | 21:55 / 02.05.2025
2990
3 daqiqa o‘qiladi

Shahzoda Harriga Britaniyaga tashrifi davomida shaxsiy qo‘riqchilar ajratilmaydigan bo‘ldi

Angliya va Uels apellyatsiya sudi Sassesk gersogini davlat qo‘riqlovi bilan ta’minlamaslik bo‘yicha qaror chiqardi.

Foto: Reuters

Angliya va Uels apellyatsiya sudi shahzoda Harrini Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida davlat qo‘riqchilari bilan ta’minlash huquqini tiklashni rad etdi. Sudyalar bir ovozdan 2020 yilda Sassesk gersogini himoyadan mahrum qilgan Ravec idoralararo qo‘mitasi qarorini qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi The Guardian.

«Gersogning norozilik hissi Ravec’ning qaroriga qarshi chiqish uchun qonuniy asos bo‘la oladi deb o‘ylamayman», — deydi sudya Jyefri Vos. Uning qo‘shimcha qilishicha, qaror ishni ko‘rib chiqqan boshqa ikki sudya tomonidan ham ma’qullangan. Qarordan norozi bo‘lgan taqdirda gersog Oliy sudga murojaat qilishi mumkin, ammo buning uchun uning advokatlari Apellyatsiya yoki Oliy suddan tegishli tartibda shikoyat kiritish huquqini qo‘lga kiritishlari kerak.

2020 yil martda shahzoda Harri va uning rafiqasi Megan Markl rasman Britaniya qirollik oilasining yuqori martabali a’zolari maqomidan voz kechgan, oliy hazrat unvonlaridan mahrum qilingan va davlat tomonidan moliyalashtirish to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng, ular AQShga ko‘chib ketgan, Buyuk Britaniya IIV esa ularni mamlakat hududida politsiya qo‘riqchilari bilan ta’minlashni to‘xtatgandi.

Shahzoda Harrining advokatlari ushbu qarorni «noqonuniy va adolatsiz» deb atab, uning ustidan sudga da’voga kiritgan. Ular gersog xavfsizligiga tahdid mavjudligini ko‘rsatgan. Ammo sud instansiyasi, jumladan, Yuqori va Apellyatsiya sudlari hukumat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, davlat himoyasi huquqi shahzoda Harri ixtiyoriy ravishda voz kechgan rasmiy qirollik vazifalarini bajarish bilan bog‘liqligini ta’kidlagan.

Sasseks gersogiga individual xavfsizlik xizmatidan foydalanish taklif qilingan. Tartib-qoidaga ko‘ra, ular Buyuk Britaniyaga sayohat rejalari haqida 30 kun oldin Bukingem saroyini xabardor qilishlari kerak, shundan so‘ng har bir tashrif xavf va xavfsizlik zaruriyati uchun baholanadi.

Mavzuga oid