BMT: Isroil G‘azoda jurnalistlarni ataylab o‘ldirmoqda
Falastin eksklavi OAV xodimlari uchun dunyodagi eng xavfli joylardan biri hisoblanadi.

Isroil kuchlari tomonidan G‘azo sektorida jurnalistlar ataylab o‘ldirilmoqda.
Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligining bosib olingan Falastin hududlaridagi vakili Ajit Sungay «Anadolu» agentligi muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Suhbat 3 may kuni nishonlanadigan Butunjahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlandi.
Jahon tashkiloti vakilining ta’kidlashicha, bugungi kunda Falastin eksklavi OAV xodimlari uchun dunyodagi eng xavfli joylardan biri hisoblanadi.
Agentlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, jurnalistlar G‘azo sektori, bosib olingan G‘arbiy sohil va Falastin hududlaridagi voqealarni yoritishga harakat qilib, favqulodda ish olib bormoqda. «Falastin jurnalistlar ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri 210 dan ortiq falastinlik muxbir o‘ldirilgan. Ko‘p hollarda bu qasddan qilingan deb hisoblaymiz. Bunga ishora qiluvchi alomatlar bor. Ular o‘z kasbiy vazifalarini bajarayotganda otib tashlangan», — dedi u.
Ajit Sungay xalqaro huquqqa ko‘ra, faol mojaro yoki urush tarafdori bo‘lmagan barcha tinch aholi, jumladan, jurnalistlar ham himoyalanish huquqiga ega ekanligini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi vakillik qilayotgan tuzilma tomonidan ko‘rib chiqilgan ko‘plab hollarda bu me’yor buzilgan.
«Jurnalistlar qasddan o‘ldirilgani taxmin qilinayotgan G‘azodagi voqealar urush jinoyati sifatida baholanishi mumkin. Jurnalistlarning o‘limi bilan bog‘liq 210 dan ortiq holatlarning barchasi chuqur o‘rganilib, aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak», dedi u.
Sungay G‘azodagi kabi qisqa vaqt ichida bunchalik ko‘p jurnalist o‘ldirilganini hech qachon ko‘rmaganligini ta’kidladi.
«G‘azo jurnalistlar uchun dunyodagi eng halokatli joylardan biri. Ko‘plab jurnalistlar to‘qnashuvlarda yoki o‘z uylarida halok bo‘lyapti, ko‘p hollarda ularning oila a’zolari halok bo‘lganlar orasida bor. Bu misli ko‘rilmagan holat. Biz qancha jurnalist yaralanganini ham bilmaymiz», — deya xulosa qildi u.
BMT vakili butun dunyo bo‘ylab xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki yaralangan jurnalistlarning oila a’zolari, do‘stlari va yaqinlari bilan birdamlik bildirdi.
Mavzuga oid

01:00
HAMAS vakili Isroil bilan kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qildi

16:44 / 02.05.2025
«Damashqqa aniq signal». Isroil Suriya poytaxtiga zarba yo‘lladi

07:42 / 02.05.2025
BMT: Isroil blokadasi tufayli G‘azodagi chaqaloqlarning 92 foizi asosiy oziq-ovqatdan mahrum

21:34 / 01.05.2025