G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, Damashqqa zarba yo‘llagan Isroil va pasaygan OAV erkinligi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

BMT: Isroil G‘azoda jurnalistlarni ataylab o‘ldirmoqda
Isroil kuchlari tomonidan G‘azo sektorida jurnalistlar ataylab o‘ldirilmoqda. Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligining bosib olingan Falastin hududlaridagi vakili Ajit Sungay Butunjahon matbuot erkinligi kunida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Falastin eksklavi OAV xodimlari uchun dunyodagi eng xavfli joylardan biri hisoblanadi.
Jurnalistlar G‘azo sektori, bosib olingan G‘arbiy sohil va Falastin hududlaridagi voqealarni yoritishga harakat qilib, favqulodda ish olib bormoqda.
«Falastin jurnalistlar ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri 210 dan ortiq falastinlik muxbir o‘ldirilgan. Ko‘p hollarda bu qasddan qilingan deb hisoblaymiz. Bunga ishora qiluvchi alomatlar bor. Ular o‘z kasbiy vazifalarini bajarayotganda otib tashlangan», — dedi u.
Sungay G‘azodagi kabi qisqa vaqt ichida bunchalik ko‘p jurnalist o‘ldirilganini hech qachon ko‘rmaganligini ta’kidladi.
AQSh Rossiya va Kiyev o‘rtasida «chopib yuradigan» vositachi bo‘lmaydi
Vashington Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirmoqda va muzokaralarda vositachilik qilish uchun endi «chopib yuradigan» vositachi bo‘lmaydi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ma’lum qildi.
Davlat kotibi Marko Rubio AQShning hamkorlik formati o‘zgarishini ochiq aytdi, ammo tinchlikka erishish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash saqlanib qolmoqda, dedi Bryus. Shu bilan birga, Vashington Rossiyaga qarshi joriy sanksiyalarni bekor qilishni rejalashtirmayapti, dedi Davlat departamenti vakili.
Bryus, shuningdek, mojaroning har ikki tomoniga urushni o‘zi tugatishi uchun real qadamlarni taklif qilish va ishlab chiqish vaqti kelganini ta’kidladi.
Avvalroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida Moskva va Kiyevning pozitsiyalari bir-biridan ancha uzoqligicha qolayotganini aytgan edi. «Putin butun Ukrainani egallab ololmaydi, Ukraina esa Rossiyani 2014 yilgacha bo‘lgan pozitsiyasiga qaytara olmaydi», dedi Rubio.
“Germaniya uchun muqobil” partiyasi o‘ng ekstremistik deb tan olindi
Germaniyada Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi «Germaniya uchun muqobil» partiyasini federal darajada o‘ng ekstremistik deb tasnifladi. Idora o‘z qarorini «butun partiyaning inson qadr-qimmatini mensimaydigan ekstremistik tabiati» bilan asosladi. Ta’kidlanishicha, idora «intensiv va har tomonlama ekspertizadan so‘ng» partiyaga tegishli baho bergan.
Nemis maxsus xizmatiga ko‘ra, «partiya erkin demokratik tuzumga qarshi maqsadlarni ko‘zlayotgani haqidagi shubhalar tasdiqlandi va aslida, asosan, ishonchga aylandi». «Partiyada hukmron bo‘lgan millat va urug‘chilikka asoslangan xalq tushunchasi asosiy erkin demokratik tuzumga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi idora bayonotida.
Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasiga ko‘ra, partiyaning maqsadi aholining ayrim guruhlarini jamiyat hayotida teng ishtirok etishdan chetlashtirishdir. Xususan, partiya asosan musulmonlar istiqomat qiladigan mamlakatlardagi nemis fuqarolarini «etnik ta’rifi bo‘yicha nemis xalqining teng bo‘lmagan vakillari» deb hisoblaydi, deya ta’kidlaydi maxsus xizmat.
Tramp 8 mayni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni deb e’lon qildi
AQSh prezidenti 8 mayni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni deb e’lon qildi.
«Ko‘plab ittifoqdoshlarimiz va do‘stlarimiz 8 mayni G‘alaba kuni sifatida nishonlaydi, biroq biz Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozonish uchun boshqa mamlakatlardan ko‘ra ko‘proq ish qildik. Men 8 mayni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni, 11 noyabrni esa Birinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni deb o‘zgartiraman», — deb yozdi Donald Tramp.
AQSh prezidenti, shuningdek, «g‘alabalarni nishonlashni» boshlash vaqti kelganini qo‘shimcha qildi. «Biz ikkala urushda ham g‘alaba qozondik, kuch, jasorat va harbiy mahoratda hech kim bizga yaqinlasha olmadi, lekin hozir hech narsani nishonlamayapmiz, chunki bizda buni qanday qilishni biladigan rahbarlar yo‘q!» — deb ta’kidlagan Tramp.
OAV erkinligi tarixiy past darajaga yetdi
«Dunyo bo‘ylab so‘z erkinligi eng past darajaga yetdi», — deyiladi «Chegara bilmas muxbirlar» tomonidan chop etilgan matbuot erkinligi yillik reytingida. U besh ko‘rsatkichga asoslanadi: siyosiy kontekst, qonunchilik bazasi, ommaviy axborot vositalari uchun iqtisodiy muhit, ijtimoiy-madaniy kontekst va xavfsizlik.
Reytingga ko‘ra, 180 mamlakat va hududdan 90 tasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining ahvoli «qiyin» yoki «juda jiddiy». «Xavfsizlik muhitining beqarorligi va avtoritarizmning kuchayishi bilan bir qatorda, iqtisodiy bosim ham asosiy sababdir», — deyiladi hisobotda. Reyting tuzuvchilari ta’kidlashicha, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tahririyatlar tobora mustaqillik va iqtisodiy omon qolish istagi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.
Tashkilot ijrochi direktori Anya Osterxaus butun dunyo bo‘ylab OAVning moliyaviy qiyinchiliklarini «mustaqil jurnalistika - avtokratlar uchun tikon» ekani bilan tushuntirdi. «Agar ommaviy axborot vositalari moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolsa, yolg‘on ma’lumotlar, dezinformatsiya va targ‘ibotni kim fosh qiladi? Demak, jurnalistlar xavfsizligi uchun har kungi kurashdan tashqari, jurnalistikaning iqtisodiy asoslarini mustahkamlash kerak», — deydi u.
Isroil Damashqqa zarba yo‘lladi. Suriya hujumni davlat suverenitetiga tahdid, deb atadi
Isroil qiruvchi samolyotlari Damashqdagi prezidentlik saroyi atrofidagi hududlar bo‘ylab zarbalar berdi. Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi kunlarda Suriyada diniy ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish maqsadida qilingan.
Suriya poytaxtiga zarbalar oqibatida 4 kishi qurbon bo‘lgani aytilmoqda. Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, zarba Isroil «Damashq janubida kuchlar joylashtirilishiga yoki druzlar jamoasiga qandaydir tahdidlarga yo‘l qo‘ymasligi» haqida «Suriya rejimiga aniq signal» bo‘lgan.
Suriya Prezidenti ma’muriyati tomonidan berilgan rasmiy bayonotda mamlakatga qilingan so‘nggi hujum xavfli eskalatsiya sifatida baholanib, u Suriya davlati va uning suverenitetiga qaratilgan tajovuz sifatida keskin qoralandi.
Bayonotda qayd etilishicha, bu hujum «mas’uliyatsiz harakatlar»ning davomi bo‘lib, u mintaqadagi xavfsizlik inqirozlarini yanada chuqurlashtirishga va beqarorlikka olib kelmoqda. Suriya xalqaro hamjamiyat va arab davlatlariga murojaat qilib, Isroil tajovuzi qarshisida mamlakat yonida turishga, xalqaro huquq va xalqaro shartnomalarga rioya qilishga chaqirdi.
Bayonotda ushbu hujumlarning asl maqsadi – mamlakat ichki barqarorligini izdan chiqarish va xalq irodasini susaytirish ekani ta’kidlanadi. Shuningdek, hujumda aybdor shaxslar bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotgani, xavfsizlik va adliya organlari bu kabi tahdidlarga qarshi kurashni qat’iyat bilan davom ettirishi bildirilgan.
Isroil harbiy-havo kuchlari bugun tungi vaqtda ham Suriyada keng ko‘lamli havo hujumlarini amalga oshirgan. Hujumlar asosan Suriya armiyasiga tegishli bo‘lgan harbiy obektlar, havo hujumiga qarshi mudofaa (PVO) bazalari, radar tizimlari va qurol-yarog‘ omborlariga qaratildi.
OAVlarga ko‘ra, hozirga qadar Damashq, Hama, Homs, Latakiya, Idlib va Daraa viloyatlarida 20 dan ortiq aviazarbalar qayd etilgan.
Mavzuga oid

13:05 / 02.05.2025
Kiyevga qurol sotishni boshlagan Tramp, G‘azodagi go‘daklarning ahvoli va yong‘inlar to‘xtamayotgan Isroil - kun dayjesti

14:48 / 01.05.2025
O‘rmon yong‘inlari qoplagan Isroil, maqtangan Tramp va Hindiston hujumini kutayotgan Pokiston – kun dayjesti

13:55 / 17.04.2025
Insonparvarlik yordamisiz qolgan G‘azo, urushdan milliardlarni ishlayotgan KXDR va sulh imzolashga tayyor Armaniston - kun dayjesti

13:28 / 16.04.2025