O‘zbekiston | 09:50
1084
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilmoqda

Ozarboyjonning ommabop 525.az portalida O‘zbekiston prezidenti raisligida hududlar turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Nashrda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.

"Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanyapti. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan. Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yurityapti. Parkent tumanining "Oltin bel" cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilyapti", – deyilgan maqolada.

Ta’kidlanganidek, yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Mutasaddilarga shu kabi 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Ozarboyjon OAV ayni paytda O‘zbekistonda milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilayotgani haqida yozgan. Endi unga elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ham ulanadi. Shuningdek, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan "yagona turistik karta" joriy qilinadi.

Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – xorijiy davlatlar bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar tahlili bo‘ldi, deb ta’kidlangan.

"Bu yil birinchi chorakning o‘zida O‘zbekiston prezidentining Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar chog‘ida 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Yaqinda Samarqandda o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi", – deb yozgan 525.az.

Mavzuga oid