Jahon | 15:03 / 03.05.2025
1452
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh harbiy budjetini 1 trln dollargacha oshirmoqchi

AQSh harbiy budjeti mamlakat tarixida birinchi marta bir trillion dollardan oshadi. Oq uy «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish, kemalar qurish va yadroviy triadani mustahkamlashni rejalashtirmoqda.

Foto: REUTERS

AQSh ma’muriyati mudofaa xarajatlarini keskin oshirishni rejalashtirmoqda. Prezident Donald Tramp 1 oktyabrda boshlanadigan 2026-moliya yilida milliy xavfsizlik bilan bog‘liq mahsulotlarga 1,01 trillion dollar sarflashni taklif qilmoqda, bu joriy yilga nisbatan 13 foizga ko‘p, deb xabar berdi Bloomberg 2 may, juma kuni Oq uy Kongressga taqdim etish uchun tayyorlagan budjet loyihasi bilan tanish manbaga tayanib.

Agentlik manbasi ta’kidlaganidek, mudofaa xarajatlarining o‘sishini Ronald Reygan 1980 yillarda «yulduzlar urushi» dasturini ishga tushirgani va Yevropada yadroviy raketalarni joylashtirgani bilan solishtirish mumkin bo‘ladi. Pentagonning o‘z budjeti 961 milliard dollargacha oshadi. Bu joriy yilga nisbatan 112,7 milliard dollarga va sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati 2026 yil uchun mo‘ljallangan budjetdan 84,2 milliard dollarga ko‘pdir.

AQShning xavfsizlik xarajatlari mamlakat tarixida birinchi marta 1 trillion dollar chegarasidan oshib ketadi va bu Kongressni hayratda qoldirishi aniq, deya qayd etadi Bloomberg. Trampning budjet loyihasi «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish, harbiy kemalar qurish, yadroviy triadani modernizatsiya qilish va harbiy maoshni 3,8 foizga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Tramp mahalliy fuqarolik moliyasini 2025 yilgi budjetga nisbatan 22,6 foizga yoki 163 milliard dollarga qisqartirishni taklif qilmoqda. Qisqartirishlar qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va irqiy tengsizlikni bartaraf etishga qaratilgan dasturlarni o‘z ichiga oladi. AQShning tashqi yordam dasturlari, Milliy fan jamg‘armasi, Ta’lim departamenti va Uy-joy va shaharsozlik departamenti doirasidagi fan xarajatlarini tubdan qisqartirish va moliyalashtirishni to‘liq nolga tushirish kutilmoqda.

Mavzuga oid