Tramp Uolsni ishdan bo‘shatdi. Signal mojarosi yagona sabab emas
AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols esingizda bo‘lsa kerak. Ha, Yamanga qarshi zarbalar muhokama qilingan Signal messenjeridagi chatga Atlantic jurnali muharririni qo‘shib qo‘ygan mulozim. Tramp 1 may kuni mana shu maslahatchisining «pattasini qo‘liga tutqazdi».

Albatta, Tramp butun boshli milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi havaskorlarga xos harakat qilib, qandaydir jurnalistni Oq uydagi mulozimlar chatiga qo‘shib qo‘ygani uchun haydalganini tan olmasa-da, iste’fo sababi shu bo‘lgani aniq.
BMTga «surgun qilindi»
Avvalo Mayk Uols egallagan lavozim qanchalik jiddiy ekani haqida ikki og‘iz. AQSh prezidenti ma’muriyatida ko‘p odam ishlamaydi, prezident maslahatchilari ham ko‘p emas. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bevosita xavfsizlik, urush va harbiy harakatlar masalasida prezident qabul qiladigan qarorlarga ta’sir qila oladigan odam. Shunday ekan, Mayk Uols Tramp ma’muriyatining yuqori martabali mulozimi edi deb bemalol ayta olamiz.
Tramp tabiiyki, Uolsni ishdan bo‘shatdim demadi, shunchaki «uni yangi lavozimga tavsiya qilganini» aytdi. «Sizga Mayk Uols nomzodini AQShning BMTdagi elchisi lavozimiga ilgari surishimni mamnuniyat bilan xabar qilmoqchiman. Davlat kotibi Marko Rubio Davlat departamentining kuchli rahbari bo‘lish bilan bir vaqtda vaqtincha milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimini ham egallaydi», deb yozdi Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Uols Twitterʼda Trampning maslahatchisi bo‘lib ishlash uning uchun sharaf bo‘lganini yozdi. Trampning buyrug‘i bilan Mayk Uolsdan tashqari uning o‘rinbosari Aleks Vong, shuningdek, milliy xavfsizlik kengashining yana bir qator a’zolari ishdan bo‘shatilgan.
Amerika nashrlari Uolsning iste’fosini Yamandagi husiychilar pozitsiyasiga berilgan zarbalar Signal chatida muhokama qilingani bilan bog‘lamoqda. O‘shanda Mayk Uols davlat sirlari muhokama qilingan chatga Atlantic jurnali muharririni qo‘shib qo‘ygandi. Jurnalist yozishmalar skrinshotini e’lon qilgach, bu masala Amerikada jiddiy muhokama qilindi, Tramp ma’muriyatida professional bo‘lmagan odamlar yig‘ilgani aytildi.
Darvoqe, jurnalistlar Uols o‘zi qatnashgan oxirgi hukumat yig‘ilishida ham Signal messenjerida sms o‘qib o‘tirganiga e’tibor qaratgan. Tarqalgan suratlardan vitse-prezident Vens nimanidir o‘chirish haqida gapirganini anglash mumkin.
Tramp o‘shanda hammasi joyida degan bo‘lsa-da, katta ehtimol o‘sha vaqtdayoq Uolsni ishdan ketkazishni o‘ylagan. BMTga elchi qilib yuborilganining o‘zi Tramp Uolsni qanchalik yomon ko‘rib qolganidan nishona. Chunki Tramp ikkinchi muddatga kirishganidan beri BMTga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lib, uning qoshidagi tashkilotlardan chiqib ketyapti. Ha, Uols BMTga surgun qilindi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Odatda qaysidir mulozimni biror ishga o‘tkazish orqali «siyosiy jazolash» avtoritar davlatlarda uchraydigan holat. Tramp ikkinchi muddatida aynan avtoritar davlat rahbarlari kabi ishlamoqda.
Yana boshqa sabablar
Reuters'ning yozishicha, Signal messenjeridagi mojaro Uols ketishining yagona sababi bo‘lmagan. Jurnalistlarning aniqlashicha, Uols va uning yordamchisi Vong tashqi siyosat masalasida Trampdan boshqacha fikrlagan. Shuningdek, ular prezidentning topshiriqlarini to‘g‘ri bajara olmagan. Ya’ni tashqi siyosat masalasida davlat idoralari faoliyatini muvofiqlashtira olmagan.
Iste’foning yana bir sababi sifatida Signal chati atrofidagi mojaro uchun aybdorni jazolash kerak bo‘lgani aytilmoqda. Ya’ni Tramp har qancha xotirjam bo‘lishga intilmasin, hamma foydalanadigan messenjerda chat ochib, u yerga jurnalistni ham qo‘shib davlat sirlarini muhokama qilish qanchalik jiddiy xato bo‘lganini tushungan. Shu sabab kimnidir aybdor sifatida ko‘rsatib haydash kerak bo‘lgan. Bu uchun Uolsdan munosib nomzod yo‘q. Birinchidan, aynan Uols chatga jurnalistni qo‘shgan, ikkinchidan, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Tramp ma’muriyatidagi boshqa mulozimlardan kichik lavozim. Bu lavozimga yangi odam tayinlash oson bo‘ladi, chunki uni senat tasdiqlashi shart emas, prezident mustaqil tarzda o‘ziga maslahatchi tayinlay oladi.
Mayk Uols Trampning 100 kunlik prezidentlik davrida ishdan bo‘shatilgan uning ma’muriyatidagi eng yuqori lavozimli odam bo‘ldi. Ma’lumot uchun, Mayk Uols 6 yil davomida Floridadan saylangan kongressmen bo‘lib ishlagan. U harbiy, maxsus xizmat ofitseri. Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrikada harbiy harakatlarda qatnashgan. Pentagonda ishlagan. Jorj Bush davrida vitse-prezident Dik Cheynining maslahatchisi bo‘lgan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

19:51
«Amerika Ovozi» kelasi haftada eshittirishlarini davom ettirishi mumkin

15:03
Tramp AQSh harbiy budjetini 1 trln dollargacha oshirmoqchi

21:53 / 02.05.2025
Tramp prezident samolyotini almashtirishga qaror qildi

16:35 / 02.05.2025