Jahon | 22:44 / 04.05.2025
2001
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In Shimoliy Koreya tanklarini yangilash zarurligini ma’lum qildi

KXDR yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, texnikalarni ishlab chiqarishda «tanklarning zamonaviy urushdagi funksiyasi va rolini aniq belgilay olish kerak».

Foto: KCNA/Reuters

KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakatdagi «muhim» tank zavodiga tashrif buyudi, deb xabar beradi Koreya Markaziy telegraf agentligi.

Qayd etilishicha, u qisqa vaqt ichida Koreya xalq armiyasining zirhli texnikalar parkini yangilash zarurligini aytgan. Shuningdek, Kim Chen In tank ishlab chiqarishdagi yutuqlarni e’tirof etgan va «ishlab chiqarishda ikkinchi inqilobni amalga oshirishga» chaqirgan.

«Kim Chen In quruqlikdagi qo‘shinlarimizning o‘tgan asrdagi zirhli texnikasini eng so‘nggi tanklar va zirhli mashinalar bilan almashtirish Qurolli kuchlar qurilishi hamda quruqlikdagi qo‘shinlarni modernizatsiya qilishdagi eng muhim masala ekanini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Kim Chen Inning qo‘shimcha qilishicha, texnikalarni ishlab chiqarishda «tanklarning zamonaviy urushdagi funksiyasi va rolini aniq belgilay olish kerak». Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda jangovar harakatlar olib borishning «sub’yektiv va obektiv shartlari o‘zgargan».

Avvalroq KXDR yetakchisi Kim Chen In «qo‘pol imperialistik qaroqchilar»ga qarshi kurash bo‘yicha missiyalarni bajaradigan va KXDR harbiy-dengiz kuchlari tarkibiga kiruvchi yangi ko‘p maqsadli Chve Ryon kemasini (esminets) suvga tushirish marosimida ishtirok etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid