KXDR askarlarining urushdagi ishtiroki nega yashirildi-yu, nega endi tan olindi?
Shimoliy Koreya askarlarining urushdagi ishtiroki rasman tan olindi. Putin o‘t ochishni 3 kunga to‘xtatmoqchi. Trampning ilk 100 kunligi keskin qarorlar bilan esda qoldi. AQSh-Ukraina resurs bitimi nihoyat imzolandi. Joriy haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida.

— Nega KXDR va Rossiya tomoni Ukraina bilan urushda koreyalik askarlar ishtirokini endi rasman tan oldi?
Anvar Yo‘ldoshev: Avvaliga Moskva Shimoliy Koreya askarlari Rossiya tarafida turib urishganligini ko‘rsatmaslikka harakat qildi. Lekin kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlaridek, Ukraina tarafi bir necha bor ular haqidagi dalillarni ommaga e’lon qilgan edi. Bu Rossiya bilan Shimoliy Koreyaning xalqaro hamkorligining bir natijasi. Shu kunlarda esa ikki davlat ham frontda Koreya askarlari borligini rasman tan olishdi.
Bektosh Berdiyev: Agar Rossiya tomoni bu xabarlarni boshidayoq oshkor qilganda, bu ularning zaifligini bildirar edi, hozirda esa Kursk deyarli ozod qilindi va buni endi tan olish vaqti keldi deb hisoblashdi.
Rossiya shimoliy koreyalik askarlarning bu yerda urishayotganini bildirmaslikka har tomonlama harakat qildi. Rasmiy hech qayerda umuman e’lon qilinmadi. Hattoki ba’zi bir joylarda ularni rad etgan holatlar ham bo‘ldi. Endi esa Shimoliy Koreyaning ham ma’lum ma’noda o‘z askarlaridan qahramon obrazini yasashga nisbatan ehtiyoj bor edi va bu amalga oshirildi. Shuning uchun ham Rossiya buni rad etib o‘tirmadi. Hattoki shimollik do‘stlarimiz nomini abadiylashtiramiz degan bayonotlar ham bo‘ldi.
Kamoliddin Rabbimov: Ya’ni ba’zi bir nuqtalar va motivlar bor. Biz bilamizki, Koreya ikkiga bo‘lingan. Shimoliy Koreya bu totalitar davlat va u hozirgi paytda Rossiya bilan yaxshi munosabatda. Lekin harbiy, iqtisodiy, texnologik jihatdan Janubiy Koreya ancha rivojlangan. Rossiya haligacha urushni harbiy operatsiya deb nomlaydi. Chunki urush deydigan bo‘lsa, o‘zi to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro qonunga ko‘ra tajovuzkor hisoblanadi.
Urushda kimlar ishtirok etayotganini rasmiylashtirish – muhim masala. Agar Shimoliy Koreya Rossiyaga yordam beryapti deydigan bo‘lsa, avtomatik ravishda qolgan davlatlarning Ukrainaga yordam berishini qonuniylashtiradi, To‘g‘ri G‘arb ham Ukrainaga qurol-yarog‘, iqtisodiy va harbiy maslahat jihatdan yordam beryapti. Lekin fransuzlar yoki nemislar Ukrainaga kelib, o‘zining harbiylari bilan bu urushda ishtirok etayotgani yo‘q. Ya’ni bu masala hali tabu turibdi. Shuning uchun Rossiya anchagina vaqt ehtiyotkorlik qilib bu yordamni sir saqladi.
Yuqorida Anvar aka, Bektosh aka buni ikkita nuqtasidan aytdi. Birinchidan, ma’lum bir zarurat, ikkinchi jihatdan Rossiyaning reputatsiyasi o‘ylangani. Uchinchidan esa, xalqaro huquqdan kelib chiqib, Rossiya boshqalarni Ukraina tarafda ishtirok etishini pasaytirish yoki minimallashtirish, yoki buni legitimatsiyalashtirmaslik uchun ham o‘sha olinayotgan yordamlarni imkon qadar yashirishga harakat qildi.
Shuhrat Rasul: Shaxsan prezident Putin va bosh qo‘mondon Gerasimov Shimoliy Koreya askarlarning haqiqatan frontda borligi va ularning Kurskdagi g‘alabaga juda salmoqli hissa qo‘shganini e’tirof etdi. Shu bilan birga, G‘arb matbuotida Shimoliy Koreya Rossiyadan shu askarlari uchun 20 mlrd dollar mablag‘ olgani haqidayam qochirmalar bor. Shimoliy Koreya prezidenti buni oshkor qilmaganda, albatta, Rossiyaning liderlari buni eslamagan bo‘lar edi. Chunki u yerda ular noqulay vaziyatga tushib qoldi va ochiqcha inkor qilish endi mumkin emasdi. Shu paytgacha har doim G‘arb matbuotini inkor qilib kelgan bo‘lsa, endi ittifoqchisi Kim Chen Inni rad etolmasdi. Rossiya tomoni mana shu faktni tan olishga majbur bo‘ldi.
Shu tariqa, Rossiyaning buyuk armiya ekani haqidagi gaplar haqiqiy afsona ekani fakt bo‘yicha isbot qilindi. Ya’ni Rossiya o‘zining suveren hududi – Kursk oblastini ozod qilish uchun o‘zining kuchi yetmay, tashqaridan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.
Bu yerda yana bir masala – shimoliy koreyaliklarning aynan Kursk oblastidagi janglarga jalb etilgani. Ya’ni ular Ukrainaning suveren hududlariga kirib bormadi. Bu yuridik jihatdan juda ahamiyatli.
***
Cuhbat davomida Putinning sulh taklifi, AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzolagani, Kit Kellogning muzokaralar bo‘yicha bayonoti, Trampning 100 kunlik faoliyati tahlili, Pokiston–Hindiston o‘rtasidagi zo‘riqish kabi mavzular ham muhokama qilindi.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

22:41 / 05.05.2025
Rossiyada 14 yoshli qiz tasodifan oshqoshiqni yutib yubordi

20:30 / 05.05.2025
Moskvada parad munosabati bilan internetga kirish cheklanadi

19:05 / 05.05.2025
Dog‘istondagi otishmada uch politsiyachi halok bo‘ldi

14:21 / 05.05.2025