Jahon | 14:00
2098
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoni egallash rejasini ma’qullagan Isroil, «Alkatras»ni ochishni buyurgan Tramp va ballistik raketani sinovdan o‘tkazgan Eron – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

BMT dunyo yetakchilarini G‘azo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashga chaqirdi

Gumanitar yordam Falastin eksklaviga 9 haftadan beri yetib bormayapti, chunki Isroil yuklarni yetkazib berishga to‘liq blokada joriy etgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyo yetakchilarini gumanitar inqiroz kuchayib borayotgan G‘azo sektoridagi tinch aholiga oziq-ovqat yetkazib berishni ta’minlashga chaqirdi.

«Bizda blokada olib tashlangan zahoti tarqatish uchun tayyor bo‘lgan katta miqdordagi zaxiramiz bor. Biz dunyo yetakchilarini buning amalga oshishi uchun o‘z ta’siridan foydalanishga chaqiramiz. Hozir buning vaqti», — deyiladi BMTning humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi bayonotida.

Boshqarma Isroilning tinch aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun jangovar zonalarga yo‘naltirish rejasini «asosiy gumanitar tamoyillarga zid» deb atadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qqiz haftadan beri G‘azoga yordam yetib bormagan, insonparvarlik yordamini tasdiqlash haqidagi aksariyat so‘rovlar rad etilyapti.

Isroil harbiy mahkamasi G‘azo sektorini «to‘liq egallab olish» rejasini ma’qulladi

Isroil harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi G‘azo sektoridagi «hududlarni to‘liq bosib olish» va ular ustidan «barqaror nazorat» o‘rnatishni nazarda tutuvchi “Hamas tashkilotini yo‘q qilish» bo‘yicha operativ rejani tasdiqladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri devonining maslahatchisi Dmitriy Gendelman ma’lum qildi.

Rejani taqdim etgan Isroil Mudofaa kuchlari bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir: «Biz Hamasni yo‘q qilish yo‘lidamiz» dedi. Netanyaxu harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi yig‘ilishida rejani «real va samarali» deb atagan hamda «Hamasni mag‘lub etishini va [isroillik] garovga olinganlarni qaytarishini» qo‘shimcha qilgan.

Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, avvalgi operatsiyalardan farqli o‘laroq, gap maqsadli reydlar haqida emas, balki «hududlarni to‘liq bosib olish va ular ustidan barqaror nazorat o‘rnatish haqida». Rejaga G‘azodagi hududlarni qo‘lga olish va ushlab turish; tinch aholining xavfsizligi uchun janubga ko‘chirish; Hamasni insonparvarlik yordamidan mahrum qilish; ularning infratuzilmasi va qo‘mondonlik punktlariga ommaviy zarbalar berish kiritilgan.

Tramp «Alkatras» qamoqxonasini qayta ochishni buyurdi

AQSh prezidenti Donald Tramp 5 may kuni Kaliforniyada 1963 yilda yopilgan «Alkatras» qamoqxonasini qayta ochishga buyruq berdi.

«Biz ko‘chalarimizga ketma-ket yovuzlik, qon to‘kish va tartibsizliklar urug‘ini sepayotgan bu jinoyatchilarga endi toqat qilmaymiz», deb yozdi Oq uy rahbari Truth Social platformasida. «Shuning uchun men bugun Qamoqxonalar byurosiga Adliya vazirligi, Federal qidiruv byurosi va Milliy xavfsizlik departamenti bilan birgalikda Amerikaning eng shafqatsiz va zo‘ravon jinoyatchilarni joylashtirish uchun kengaygan va qayta qurilgan «Alkatras» davlat qamoqxonasini qayta ochish haqida buyruq beraman».

«Biz endi o‘z ishlarini bajarishdan qo‘rqqan va mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan kelgan jinoyatchilarni chiqarib yuborishga imkon bermaydigan bezorilar va sudyalar asiriga aylanmaymiz. «Alkatras»ning qayta ochilishi qonun, tartib va adolat ramzi bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi Donald Tramp.

«Alkatras» sobiq federal qamoqxonasi San-Fransisko ko‘rfazidagi orolda joylashgan. U 1912 yilda eski qal’a o‘rnida qurilgan va dastlab harbiy qamoqxona sifatida foydalanilgan, ammo 1936 yilda Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan, qayta tiklangan va yanada xavfsiz holatga keltirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, eng xavfli jinoyatchilar «Alkatras»ga yuborilgan: xususan, bu yerda mashhur gangster Al Kapone ham jazo muddatini o‘tagan.

Eron yangi ballistik raketani sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi

Eron hukumati 17 aprel kuni Qassem Basir qattiq yonilg‘idagi yangi ballistik raketa muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi. Islom Respublikasi mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda IRIB 2 davlat telekanaliga bergan intervyusida raketa manyovr qobiliyatini yaxshilaganini va «THAAD va Patriot hamda Isroilda bor bo‘lgan boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun nishonga olinishi qiyin ekanligini» aytdi.

Nosirzoda, shuningdek, AQSh «agar unga hujum qilinsa yoki urushga majburlansa», Eron «qat’iy javob berishga tayyor»ligidan ogohlantirdi. Eron harbiy idorasi rahbari Tehron «qo‘shni davlatlarga nisbatan dushmanlik his qilmasligi va ular bilan birodarlik munosabatlariga intilishi»ga ishontirdi, biroq urush boshlangan taqdirda ularning hududidagi Amerika bazalari Eron harbiylari uchun «qonuniy nishon»ga aylanadi.

AQShni o‘z xohishi bilan tark etadigan noqonuniy migrantlarga 1000 dollardan pul beriladi

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi noqonuniy migrantlarning vataniga qaytish jarayonini yengillashtirishga qaratilgan dasturni ishga tushirmoqda. Bu haqda idoraning rasmiy portalida e’lon qilingan xabarda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlardan o‘z xohishi bilan chiqib ketadigan noqonuniy migrantlarga ming dollardan pul to‘lash reja qilinmoqda.

«Agar siz bu yerda noqonuniy yurgan bo‘lsangiz, mustaqil deportatsiya — bu hibsdan qochishning eng yaxshi, xavfsiz va AQShni tark etishning nisbatan kamxarj usulidir. CBP Home ilovasini hoziroq yuklab oling va mustaqil deportatsiyani amalga oshiring», — deydi AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.

Xabarda aytilishicha, AQSh Ichki ishlar vazirligi endilikda noqonuniy migrantlarga vatanga qaytish safarlari uchun moliyaviy yordam va qaytib borgandan so‘ng to‘lov taklif qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, CBP Home ilovasi orqali o‘z xohishi bilan deportatsiya qilinishni tanlagan har bir noqonuniy migrant vatanga qaytgach, 1000 dollar miqdorida to‘lov oladi. «Bu huquqni muhofaza qilish organlari, xorijliklar uchun eng xavfsiz variant va AQSh soliq to‘lovchilari uchun 70 foizli tejamkorlikni anglatadi», — deyiladi press-relizda.

Erdo‘g‘an Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi

Turkiya Prezidenti Administratsiyasi e’lon qilgan xabarga ko‘ra, suhbatda ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, mintaqaviy va global masalalar muhokama qilingan.

Prezident Erdo‘g‘an Donald Trampning urushlarni tugatish borasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan va Eron bilan muzokaralar jarayonini ham yuqori baholagan.

Shuningdek, Turkiya yetakchisi insonparvarlik yordami G‘azoga uzluksiz yetkazilishi va bu fojiaga barham berilishi kerakligini aytib, o‘t ochishni to‘xtatish va barqaror tinchlik o‘rnatish uchun har qanday hamkorlikka tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Isroilning javob hujumi

Isroil qiruvchi samolyotlari dushanba kuni 1600 km masofa bosib o‘tib Yamanning g‘arbiy qismidagi Hudayda port shahriga hujum uyushtirdi. Bu harakat, Husiychilar tomonidan Tel Avivdagi xalqaro aeroport yaqiniga ballistik raketa otilganidan keyin amalga oshirildi.

Yamandagi Sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, hujum qilingan obektlardan biri – Hudayda shahrining sharqida joylashgan sement zavodida kamida bir kishi halok bo‘lgan va 30 dan ortiq odam jarohatlangan.

Isroil harbiylariga ko‘ra, zarbalar — husiychilar harakati uchun «asosiy daromad manbasi» bo‘lgan portga hamda sement zavodiga qaratilgan. Bu port — Yaman shimolidagi qashshoq aholiga oziq-ovqat, yoqilg‘i va humanitar yordam yetkazishdagi asosiy yo‘ldir, bu hududda 20 milliondan ortiq odam yashaydi.

«Bizning infratuzilmamiz nihoyatda zaif — bunga tegmaslik kerak. Ular harbiy qiymati bo‘lmagan, tinch aholiga tegishli inshootlarni nishonga olmoqda. Aniqki, asl nishon oddiy fuqaro», — deydi port yaqinidagi hududda yashovchi 40 yoshli Jaber Muhammad.

Oylab davom etayotgan o‘zaro havo hujumlari va raketa zarbalariga qaramay, na Isroil, na husiychilar o‘z maqsadlariga erisha oldi. Husiychilar G‘azodagi urush tugamaguncha Isroilga qarshi hujumlarini davom ettirishga qasamyod qilgan, bu orada Isroil harbiy harakatlarini kuchaytirishga tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid